NAZARIYA VA AMALIYOT UYG‘UNLIGI
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2019-yil 30-sentyabrdagi “Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kursant va tinglovchilarining Ichki ishlar organlarida amaliyotlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi buyrug‘i, joriy yilning 3-fevral kunidagi farmoyishi va Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining 2024-yil 3-fevraldagi buyruqlariga muvofiq, joriy yilning 5-fevral kunidan 12-may kuniga qadar kunduzgi taʼlim 3-o‘quv kursi kursantlari bilan bitiruv malakaviy ishi oldi amaliyoti tashkil etildi.
Joriy yilning 10-may kuni Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Majlislar zalida boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Q.X.Shermatov, Vazirlik SHXBB Sirdaryo viloyati bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Q.T.Orinbayev, IIV Akademiyasi Avtomobil tayyorgarlik kafedrasi o‘qituvchisi kapitan F.E.Xoldorov, boshqarma sohaviy xizmatlarining boy amaliy tajribaga ega bo‘lgan xodimlari ishtirokida amaliyot yakuni bo‘yicha imtihon tadbirlari tashkil etildi.
Kapitan F.E.Xoldorov tomonidan kursantlarga vazirlik buyrug‘i asosida imtihon talablari batafsil yetkazilgan bo‘lsa, podpolkovnik Q.T.Orinbayev tomonidan xizmat va ijrochilik intizomi, xizmat kiyimini kiyib yurish qoidalariga rioya etishlari, spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda va tegishli hujjatlarsiz transport vositasini boshqarmaslik, shuningdek fuqarolar bilan noo‘rin munosabatga kirishmaslik yuzasidan o‘zining ko‘rsatmalarini berib o‘tdi.
Kursantlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash doirasida ularda Vatanga sadoqat, kasbiga nisbatan g‘urur hissini shakllantirish maqsadida Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan “Ajdodlar izidan avlodlar” muzeyiga tashrif amalga oshirildi.
Shuningdek, Guliston shahrida joylashgan Xotira maydoniga tashrif buyurgan kursantlar, Motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘yishib, tinchlik uchun, avlodlar kelajagi uchun jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirishdi. Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga O‘zbekiston xalqining qo‘shgan hissasi, o‘zbekistonliklarning Ikkinchi jahon urushi jang maydonlarida ko‘rsatgan qahramonliklari, front ortidagi matonatli mehnati esga olindi.