Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlarining aholiga yangicha xizmat ko‘rsatish uslubi
Xalqimiz azaldan yoshi ulug‘ insonlarni e’zozlashni, keksalar holidan xabar olishni, yordamga muhtoj kimsalarga yordam qo‘lini cho‘zishga odatlangan va bu asrlar davomida bebaho an’ana va qadriyatlarimizga aylangan. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, turli sohalarda erishayotgan yutuqlarimizda ota-onalarimiz, mo‘tabar qariyalarimizning unitilmas va ulkan xizmati borligini, biz ular oldida umrbod qarzdor ekanligimizni unutmasligimiz, qo‘limizdan kelganicha ularning og‘irini yengil, umrini uzoq qilishni o‘zimizning insoniy burchimiz, deb bilishimiz lozim.
Bunday ezgu amallar bugungi kunda hayotimizda o‘z ifodasini topmoqda. Xususan, Sirdaryo viloyatida ham keksalarning munosib hayot kechirishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi tomonidan Sirdaryo viloyati hududidagi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlariga borishga layoqatsiz, imkoniyati cheklangan keksa yoshdagi fuqarolar uchun ularning yashash manzillariga yoki tegishli muassassalariga borib, identifikatsiya ID-kartalari rasmiylashtirish uchun mo‘ljallangan mobil qurilma (planshet) ajratildi.
Ushbu qurilma yordamida nogiron va imkoniyati cheklangan keksa yoshdagi fuqarolarning murojaatlariga asosan, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlari xodimlari tomonidan ularning yashash manzillariga borib, identifikatsiya ID-kartalari rasmiylashtirib berilmoqda.
Joriy yilda viloyatimizda shu kabi ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirildi va bu jarayon izchil davom ettirilmoqda. Bularning barchasi davlatimiz tomonidan inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy siyosatning amaldagi samaralaridir.
Sirdaryo viloyati IIB M va FRB