9 Dekabr 2022 yil 281

Mahorat darslari — litsey oʻquvchilarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim omili

Ichki ishlar vazirligi rahbariyatining tegishli koʻrsatmasiga asosan vazirlik Akademik litseylari oʻquvchilarida ichki ishlar organlari xizmatiga qiziqishni yanada oshirish, ularni Vatanga, yuksak fuqarolik hamda demokratiya, mustaqillik gʻoyalariga, oʻz xalqining maʼnaviy va tarixiy qadriyatlariga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari, tuman (shahar) IIB boshliqlari tomonidan “ochiq muloqot” shaklidagi mahorat darslari oʻtkazib kelinmoqda. Shunday mahorat darslaridan biri Sirdaryo viloyati IIB boshligʻining oʻrinbosari-Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻi podpolkovnik Shermatov Qahramon Xotam oʻgʻli tomonidan joriy yilning 9-dekabr kuni vazirlik Sirdaryo akademik litseyi oʻquvchilari bilan “Ichki ishlar organlari xodimlarini huquqiy va ijtimoiy himoya qilish” mavzusida tashkil etildi. Podpolkovnik Q.X.Shermatov oʻz nutqida soʻnggi yillarda mamlakatimizda ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish borasida olib borilgan keng qamrovli islohotlar, xodimlarning sogʻligʻini saqlash, mehnatiga haq toʻlash, uy-joy bilan taʼminlash, mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash, xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida transport vositalaridan imtiyozli foydalanish, davlat pensiya taʼminoti, davlat sugʻurtasi hamda boshqa turdagi ijtimoiy yordam koʻrsatish tartibi va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida oʻquvchilarga batafsil tushunchalar berib oʻtdi.

Mahorat darsi ochiq muloqot hamda savol-javoblarga boy tarzda tashkil etilib, faol ishtirok etgan oʻquvchilarga podpolkovnik Q.X.Shermatov tomonidan esdalik sovgʻalari ulashildi.

Text to speech