18 May 2022 yil 257

Litseyda Halima Xudoyberdiyeva tavalludining 75 yilligi munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi.

Yigirmadan ortiq sheʼriy to‘plamlar, dostonlar va publitsistik maqolalar sohibasi, isteʼdodli shoira Halima Xudoyberdiyeva tavalludining 75 yilligi munosabati bilan IIV Sirdaryo akademik litseyida “Qancha shoning bo‘lsa – Vatanni ko‘tar!” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Guliston davlat universiteti adabiyotshunos olimlari, litsey professor-o‘qituvchilari, o‘quvchi yoshlar qatnashdi. Tadbirni ochib bergan litsey direktori mayor G’.J.Abdullayev Sirdaryo xalqining buyuk farzandi va O‘zbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyeva o‘zining sermazmun, badiiy yuksak sheʼr va dostonlari hamda dolzarb mavzularga  bag‘ishlangan publitsistik maqolalarida aziz Vatanimiz va xalqimizga, azaliy qadriyatlarimizga mehr va sadoqat, moʻtabar ayol va ona siymosiga ehtirom tuyg‘ularini beqiyos mahorat bilan tarannum etganligini taʼkidlab o‘tdi.

Yorqin isteʼdod egasi, ulkan so‘z sanʼatkori Halima Xudoyberdiyeva o‘zbek sheʼriyatiga samimiy insoniy tuyg‘u va fazilatlar – sevgi sadoqat, mehr va muruvvatni tarannum etuvchi shoira, o‘zbek xotin-qizlari orzu va armonlarining kuychisi sifatida kirib keldi, – dedi Guliston davlat universiteti O‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori To‘ychiyev Abdunabi Xudoyberdiyevich. – Shoira sheʼrlarida sevgi-sadoqat, mehr va muruvvat tuyg‘ularini tarannum etarkan, ular orqali o‘zbek xotin-qizlarining orzu va armonlarini izhor qiladi. Va ayni paytda lirik qahramon o‘y-xayollarini, uning ichki kechinmalarini yorqin ifodalaydi. Bu bilan u zamondoshlarida ayollarga nisbatan hurmat va muhabbat hislarini uchqunlantirishga intiladi. Shoira qalamiga mansub “Muqaddas ayol”, “Dorilomon kunlar keldi” va shu kabi sheʼrlari asosida kuylangan qo‘shiqlar xalqimiz tomonidan doimo sevib tinglanadi. Shuningdek, adabiyotshunos olim A.x.To‘ychiyev tomonidan o‘quvchi yoshlar o‘rtasida noanʼanaviy tarzda viktorinalar o‘tkazilib, buyuk shoiramizning hayoti va ijodi, faoliyati haqida qiziq savollarga javoblar umumlashtirildi.

Shundan so‘ng litsey o‘quvchilari tomonidan Halima Xudoyberdiyeva ijodidan sheʼrlarni yod aytishib, tadbir ishtirokchilarining olqishlariga sazovor bo‘lishdi.

Qon aslan yorug‘lik. Yorug‘lan, tiz cho‘k.

Asl mard Vatanga tiz cho‘kib o‘tar.

Qancha qoning bo‘lsa, Vatan uchun to‘k,

Qancha shoning bo‘lsa – Vatanni ko‘tar!

Shoiraning bu kabi sheʼrlari yosh avlodni milliy va umuminsoniy g‘oyalar, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga katta hissa qo‘shishi shubhasizdir.

Text to speech