22 Aprel 2022 yil 326

Litseyda  “Zukko kitobxon” intellektual o‘yinlari tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Sirdaryo akademik litseyi o‘quvchi yoshlarida kuchli bilim va boy tafakkurni shakllantirish, ularni kitobxonlikka keng jalb qilishga qaratilgan tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2022 yil 25 mart kunidagi 79-sonli farmoyishiga asosan “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!” shiori ostida “Maʼnaviyat oyligi” doirasida akademik litsey o‘quvchi yoshlari o‘rtasida joriy yilning 21 aprel kuni o‘tkazilgan “Zukko kitobxon” intellektual bellashuvi shu kabi tadbirlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Bellashuv avvalida litsey direktori mayor G‘.J.Abdullaev insonning bilimli, tarbiyali, kasb-hunarli va albatta baxtli va davlatli bo‘lishining muhim omili – bu kitob bilan do‘st bo‘lish ekanligi, kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirib, yaxshilik hamda ezgulikka undashi to‘g‘risida taʼkidlab, barcha ishtirokchilarga omad tiladi.

O‘tkazilgan “Zukko kitobxon” intellektual o‘yinlarida 7 ta jamoaning zukko, bilimdon yigit-qizlari savol-javoblarda o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Qizg‘in va murosasiz o‘tgan bellashuvda 104-guruh o‘quvchilarida iborat “Sohibqiron” jamoasi 1-o‘rinni, 105-guruh o‘quvchilarining “Alkimyogar” jamoasi 2-o‘rinni va 101-guruh o‘quvchilarining «Alpomish» jamoasi uchinchi o‘rinni egalladilar.

G‘olib jamoalar litsey rahbariyatining faxriy yorliqlari hamda kitoblar to‘plami bilan taqdirlandilar.

Text to speech