1 Iyun 2022 yil 380

Litseyda “Qo‘l telefoni va ijtimoiy tarmoqlarning yoshlar maʼnaviyatiga taʼsiri” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Bugungi globallashuv jarayonida axborot texnologiyalari, ayniqsa, internet yoshlar kundalik hayotining ajralmas qismiga aylandi. Internetga yangiliklardan xabardor bo‘lish, do‘stlar bilan muloqot qilish, musiqa yoki film yozib olish uchun kirayotgan yoshlar “Ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi maʼnaviy tahdidlar hujumi ostida qolayotganlarini sezmay qolishyapti. Yoshlarni bunday tahdidlardan himoya qilishning yagona yo‘li esa ularda qo‘l telefonlaridan va ijtimoiy tarmoqlardan samarali foydalanish, axborot, xabar va maʼlumotlarni tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, yaʼni, maʼnaviy immunitet hosil qilishdir.

Shu maqsadda IIV Sirdaryo akademik litseyida “Qo‘l telefoni va ijtimoiy tarmoqlar yoshlar maʼnaviyatiga taʼsiri” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirga Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Sirdaryo tuman bo‘linmasi bosh mutaxassisi I.Qosimov hamda Sirdaryo viloyati diniy qo‘mitaning Sirdaryo tumanidagi bosh mutaxassisi J. Rahmatullayev tashrif buyurdi.

- O‘smirlar hayotining muhim tarkibiga aylanayotgan uyali telefonlar zararli bo‘lsa ham undan butunlay voz kechib bo‘lmaydi. Balki yoshlarning orasida foydalanish madaniyatini shakllantirish kerak, binobarin, bugungi davr bizdan dunyo miqyosida bo‘hton va uydirmalarni tarqatish orqali yoshlarimizni aldab, o‘z qarmog‘iga ilintirishga intilayotgan ijtimoiy tarmoqlardagi turli salbiy holatlarga hech qanday imkon bermasligimizni talab etmoqda, deydi - Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Sirdaryo tuman bo‘linmasi bosh mutaxassisi Ibrohim Qosimov.

Shuningdek, davra suhbatida o‘quvchi-yoshlarga uyali aloqaning zararli oqibatlari, undan to‘g‘ri foydalanish tartibi, turli xil diniy ekstremistik mazmundagi guruhlarga qo‘shilib qolmaslik, axloqsizlikni targ‘ib qiluvchi saytlarga kirmaslik to‘g‘risida, uningdek, qo‘l telefonidan muntazam foydalanish inson salomatligiga jiddiy  zarar keltirishi haqida so‘z yuritildi.

Text to speech