17 May 2022 yil 263

Litseyda kitobxonlik kechasi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari general-mayor A.I.Ikramov huzurida 2022 yil 04 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining 21-sonli bayonida har haftaning dushanba kuni “Maʼnaviyat va kitobxonlikni targ‘ib qilish kuni” sifatida o‘tkazilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Shu munosabat bilan joriy yilning 16 may kuni IIV Sirdaryo akademik litseyida “Kitob va kitobxonlik – inson maʼnaviyati ko‘zgusi” mavzusida kitobxonlik kechasi tashkil etildi. Tadbirni litsey direktori mayor G'.J.Abdullayev ochib berib, kitob – inson maʼnaviyati va dunyoqarashini yuksaltiruvchi muhim manba ekanligini, kitob o‘qigan inson mulohazali, bilimli bo‘lib, yuksak tafakkuri ila boshqalardan o‘zining dunyoqarashi va fikrlashi bilan ajralib turishi va kitob bilan oshno o‘quvchi yaxshi inson bo‘lib ulg‘ayishi to‘g‘risida taʼkidlab o‘tdi.

Shundan so‘ng, litseyning 1-bosqich o‘quvchilaridan tashkil topgan 6 ta jamoa Cho‘lponning “Kecha va kunduz” asari bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Qizg‘in va munozaralarga boy o‘tgan kitobxonlik kechasida belgilangan shartlar bo‘yicha 103-guruh o‘quvchilari eng yuqori ball to‘plab birinchi o‘rinni qo‘lga kirishdi. Litsey rahbariyati tomonidan g‘oliblarga kitoblar jamlanmasi topshirildi.

Bu kabi tadbirlar yoshlarni mustaqil fikrlaydigan, mustahkam hayotiy pozitsiyaga ega, chinakam vatanparvar va maʼnan barkamol insonlar qilib tarbiyalashda o‘rni beqiyosligi shubhasizdir.

Text to speech