14 Yanvar 2025 yil 1086

Yuksak kasbiy bilim, ko‘nikma va malaka samarali amaliyot garovi

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida aholining tinch va osoyishta hayotini taʼminlash hamda jamiyatimizda qonunga itoatkorlik madaniyatini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2021 yil 15 apreldagi PQ-5076-son qarori hamda Ichki ishlar vazirining “Ichki ishlar organlarida uzluksiz o‘quv-karyera jarayoni tizimini tashkil etish to‘g‘risida”gi 2021 yil 27 avgustdagi 310-son buyrug‘i, 2025 yil davomida ichki ishlar organlari xodimlarini o‘qitishni tashkil etish maqsadida Ichki ishlar vazirining 2024 yil 12 dekabr kuni 424-sonli farmoyishlari ijrosini taʼminlash maqsadida Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlarining 50 nafar tezkor-qidiruv xizmati xodimlari bilan joriy yilning 13 yanvar kunidan 18 yanvar kuniga qadar sayyor malaka oshirish o‘quv kurslari tashkil etilmoqda.

Mazkur o‘quv kursining asosiy maqsadi xodimlarda xizmat majburiyatlarini samarali bajarishlari uchun kasbiy bilimlarini xotirlash, yangilash, chuqurlashtirish hamda ko‘nikma va mahoratlarini oshirishni uzluksiz taʼminlash, shuningdek, tezkor bo‘linmalar xizmatlari faoliyatida mavjud bo‘lgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan ko‘nikmalarni shakllantirishdan iboratdir.

O‘quv kurslarini sifatli hamda samarali tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti boshlig‘i polkovnik Axmedov Olimjon Tursunboyevich boshchiligida institut professor o‘qituvchilari: institut Maxsus-kasbiy fanlar kafedrasi boshlig‘i, siyosiy fanlar doktori podpolkovnik Xatamov Farxod Faxriddinovich, kafedrasi boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik Axmedov Islom Baxtiyorovich, katta o‘qituvchilari podpolkovnik G‘aniyev Botir Muxitdinovich, podpolkovnik Odilov Nodirbek Odil o‘g‘li lar tashrif buyurishib, o‘quv kurslariga jalb etilgan Sirdaryo viloyati IIBdan 45 nafar, IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti - tarmoq ichki ishlar organlari Sirdaryo viloyati transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasidan 2 nafar hamda vazirlik huzuridagi Jazoni ijro etish departamentidan 3 nafar tezkor-qidiruv xizmati xodimlari bilan o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.

Dasturga ko‘ra, viloyat Ichki ishlar organlarining tezkor bo‘linmalari ofitser xodimlari bilan sayyor malaka oshirish o‘quv kurslari modul tizimi asosida amalga oshirilib, mashg‘ulotlarda professor-o‘qituvchilar tomonidan innovatsion pedagogik texnologiyalar, interfaol metodlar va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash orqali, ularning bilimlari, kasbiy tayyorgarligi, o‘quv va amaliy ko‘nikmalarini yuksaltirishga eʼtibor qaratilmoqda.

Text to speech