Konstitusiya va qonun ustuvorligi – huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining eng muhim mezonidir
Prezident Shavkat Mirziyoevning O'zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasi
Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Avvalo, barchangizni, butun xalqimizni O'zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 27 yillik bayrami bilan samimiy tabriklab, ezgu tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.
Hurmatli do'stlar!
Har bir davlat o'z istiqlol va taraqqiyot yo'lini tanlar ekan, xalq farovonligini ta'minlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini o'zining Konstitusiyasi – asosiy qonunida mustahkamlab oladi. Binobarin, o'z xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitusiyaga ega bo'lgan mamlakat o'zi belgilagan yuksak marralardan hech qachon og'ishmasdan, doimo oldinga qarab boradi.
Tarixga nazar solsak, asrlar davomida shakllangan ma'naviy-axloqiy qadriyatlar va insonning tabiiy huquqlari tsivilizasiya jarayonlari natijasida Konstitusiya shakliga kelganini ko'ramiz