10 Noyabr 2022 yil 247

“Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” shiori ostida Sirdaryo viloyati Ichki ishlar organlari faxriylari uchun sayohat tashkil etildi.

Mamlakatimizda yurtboshimiz tashabbusi bilan keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, nuroniylarning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan har yili noyabr oyi “Keksalar uchun turizmi oyligi” etib belgilangan.

Shu munosabat bilan, joriy yilning 8 noyabr kuni Sirdaryo viloyati Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi bilan hamkorlikda Sirdaryo viloyati Ichki ishlar organlarida xizmat qilib hozirgi kunda nafaqada bo‘lgan faxriylar uchun Toshkent viloyatida joylashgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, “Zangiota” ziyoratgohi va Toshkent shahrida joylashgan “Temuriylar tarixi” davlat muzeyi hamda “Adiblar xiyoboni”ga sayohat uyushtirildi.

Ushbu sayohat davomida “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida barpo etilgan sokin hudud va favvoralar, sport maydonchalari, bolalar o‘yingohi, umumxalq bayramlari, maʼdaniy-maʼrifiy tadbirlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan 5 ming o‘rinli ochiq amfiteatr, yurtimizning 3 ming yillik tarixini, xalqimizning milliy o‘zligini, O‘zbekistonning yangi qiyofasini namoyon etgan “Istiqlol majmuasi” faxriylar ongida milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizga hurmat va ehtirom his-tuyg‘ularini oshirish bilan birga, O‘zbekiston xalqining boy tarixini chuqurroq o‘zlashtirishiga sabab bo‘ldi.

Shuningdek, “Temuriylar tarixi” muzeyiga tashrif davomida Temuriylar sulolasi davrida O‘zbekiston tarixi, muzey fondidagi 3 mingdan ortiq eksponatlar, o‘rta asrlarga oid zargarlik buyumlari, kiyim-kechaklar, musiqa asboblari, mehnat anjomlari, musulmonlarning muqaddas kitobi bo‘lgan Usmonning Qurʼon nusxasi, Amir Temur va uning avlodlarining Yevropa mamlakatlari monarxlari bilan bo‘lgan yozishmalari, buyuk sarkarda tasvirlangan rasmlar, miniatyuralar, mamlakatimizda Temuriylar sulolasi tomonidan qurilgan mashhur inshootlarning maketlari faxriylarda katta taassurot qoldirdi.

Sirdaryo viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati.

Text to speech