“Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” shiori ostida Sirdaryo viloyati Ichki ishlar organlari faxriylari uchun sayohat tashkil etildi.
Mamlakatimizda yurtboshimiz tashabbusi bilan keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, nuroniylarning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Salkam 3000 yillik tarixga ega bo‘lgan va hamisha navqiron Samarqandning qaysi bir go‘shasiga nazar solmang, ulkan yaratuvchilik va bunyodkorlik ishlariga ko‘zingiz tushadi. Hududda saqlangan va xalqimiz tomonidan asrlar davomida eʼzozlanib kelinayotgan arxeologik yodgorliklar va meʼmoriy obidalar insonga maʼnaviy ozuqa ulashadi.
Xususan, hukumatimizning “Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan mamlakatimizda 1-noyabrdan 30 noyabrga qadar “Keksalar turizmi oyligi” etib belgilangan. Shu boisdan, Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining tashabbusi bilan Sirdaryo viloyati Ichki ishlar organlarida xizmat qilib hozirgi kunda nafaqada bo‘lgan faxriylarning Samarqand shahri bo‘ylab sayohat qilishlari uchun imkon yaratildi.
Sayohat davomida shaharning qadimiy serjilo meʼmorchilik obidalari bilan tanishdilar. Ko‘hna obidalarni ziyorat qilgach, faxriylarlar Samarqand tarixiga oid eksponatlarni ko‘zdan kechirdilar.
Kelgusida ushbu sayohat birgina Samarqand shahrida emas, balki respublikamizning turli diqqatga sazovor maskanlarida ham tashkillashtirish reja qilindi.