15 Sentyabr 2022 yil 712

“Kasbiy tayyorgarlik oyligi”doirasida Guliston shahar IIB xodimlari bilan saf tayyorgarligi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Saf nizomi” hamda O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2019 yil 08 avgust kunidagi “Ichki ishlar organlarida formali kiyim-boshni kiyib yurish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi 232-sonli buyrug‘i talablari ijrosini taʼminlash, Ichki ishlar organlari xodimlarining saf tayyorgarligini mustahkamlash, xodimlarning safda yurish, formali kiyim-bosh kiyish qoidalariga to‘liq rioya etishlarini taʼminlash maqsadida Guliston shahar IIB saf maydonida O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2022 yil 07 sentyabr kunidagi “Ichki ishlar organlari tizimida kasbiy tayyorgarlik oyligini o‘tkazish to‘g‘risidagi 198-sonli Farmoyishi talablari ijrosi doirasida Guliston shahar ichki ishlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi bilan 2022 yil 15 sentyabr, payshanba kuni soat 08:00dan, 09:00ga qadar saf ko‘rigi va saf tayyorgarligi mashg‘uloti o‘tkazildi.

O‘tkazilgan saf ko‘rigida xodimlarning xizmat guvohnomasi (shundan, amal qilish muddati va egallab turgan lavozimiga to‘g‘ri kelishi), hushtagi, dastro‘moli, shaxsiy jetoni borligiga, tashqi ko‘rinishi, jumladan, soch-soqoli olinganligi, formali kiyim-boshi buyruq talablari asosida kiyilganligi, shevron va pogonlari o‘rnatilgan tartibda taqilganligiga alohida eʼtibor qaratilib, bu borada kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga aniqlangan kamchiliklarini darhol bartaraf etib, axborot berishlari lozimligi tushuntirildi.

Saf ko‘rigi vaqtida xodimlarga IIVning 2019 yil 08 avgustdagi 232-sonli buyrug‘ining “Ichki ishlar organlarida formali kiyim-boshni kiyib yurish Qoidalarining:

-5-bandida: “Kundalik formali kiyim-bosh – kundalik xizmat faoliyatida bevosita aholi bilan ishlashda (tezkor va tergov bo‘linmalaridan tashqari), xizmat yig‘ilishlarida, o‘qituvchilar dars mashg‘ulotlarida, shuningdek, bo‘linmalarning sohasidan qatʼiy nazar rahbarlar tarkibiga kiruvchi xodimlar tomonidan mazkur Qoidalarning 2-ilovasiga muvofiq kiyiladi”;

-10-bandida: “Yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazishda kiyiladigan formali kiyim-boshlar Ichki ishlar organlari boshliqlari tomonidan belgilanadi”;

-11-bandida: “Formali kiyim-bosh belgilangan talablarga javob berishi hamda har tomonlama nuqsonsiz holatda kiyib yurilishi lozim. Xodimlarning formali kiyim-boshni ushbu Qoidalarda nazarda tutilmagan, o‘zgartirilgan hamda tartibga keltirilmagan, tozalanmagan, shuningdek, fuqarolik kiyimi bilan aralash holda kiyib yurishiga yo‘l qo‘yilmaydi”;;

-15-bandida: “...safdor va serjantlarning tantanali va kundalik formali kiyim-boshi ko‘ylaklarining pastki qismi rezina choki bilan tikilmagan bo‘ladi”;

-22-bandida: “Formali kiyim-boshning poyabzali qora rangda bo‘lishi hamda qora yoki to‘q ko‘k rangli paypoq bilan kiyilishi lozim”;

-23-bandida: “Xodimlar formali kiyim-boshni va formali kiyim-bosh sirasiga kirmaydigan kiyimlarini tashqi ko‘rinishi (soch, soqoli) tartibga keltirilgan holda kiyib yurishlari lozim”-degan qoida mustahkamlab qo‘yilganligi;

-bundan tashqari, “Fuqarolik kiyimida xizmat o‘tovchi xodimlar qoida tariqasida, kuz-bahor mavsumida klassik bichimdagi qora yoki to‘q ko‘k yoxud havorang rangli bir xil tusdagi kostyum va shim kiyib yurishlari lozim. Fuqarolik kiyimida xizmat o‘tovchi xodimlarga xizmat vazifalarini bajarish vaqtida sirtqi qismida ishlab chiqaruvchi korxonaning nomi, savdo belgisi yoxud boshqa yozuvlar tushurilgan kostyum, shim, jemper, jilet yoki ko‘ylak kiyib yurish taqiqlanadi. Mazkur qoidalar funksional vazifalarini bajarishda konspiratsiya talablariga muvofiqlikni taʼminlash zarur bo‘lgan hollarda tezkor xizmat xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi”, deya belgilab qo‘yilganligi to‘liq yetkazildi.

Saf ko‘rigidan so‘ng, shaxsiy tarkib bilan saf tayyorgarligi mashg‘uloti o‘tkazilib, mashg‘ulot davomida xodimlarning jamoa bo‘lib safda yurish, safdan chiqish, boshliqqa (komandirga) harbiycha salom berish, boshliq (komandir)ning oldiga kelish va boshliq (komandir)ning oldidan ketish kabi saf tayyorgarligi amallari bajarildi.

 Guliston shahar IIB

Text to speech