18 Iyun 2022 yil 4652

Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini aniqlash va berish tartibi tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil12 aprelda «O‘zbekiston Respublikasida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini aniqlash va berish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan jismoniy shaxsning elektron talabnomasini shakllantirishni hamda quyidagilarda shaxsiy identifikatsiya raqamini berishni nazarda tutuvchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini aniqlash va berish tartibi to‘g‘risidagi maʼmuriy reglament tasdiqlandi:

- O‘zbekiston hududida tug‘ilgan barcha shaxslarga tug‘ilganlikni qayd etish jarayonida;

- chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga identifikatsiya ID-kartasi berilganda;

- chet davlat fuqarosiga O‘zbekiston hududida vaqtincha bo‘lib turganda yoki o‘z faoliyatini ishonchli vakili orqali amalga oshirayotganda;

- fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga biometrik harakatlanish hujjati rasmiylashtirilganda;

- chet davlatda vaqtincha yoki doimiy yashaydigan O‘zbekiston fuqarolari, ularning farzandlari, chet davlat fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda 2022 yil 1 iyundan boshlab O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekiston hududida vaqtincha yoki doimiy yashayotgan chet davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, xorijiy davlatda doimiy yashaydigan chet davlat fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan yoki o‘z faoliyatini ishonchli vakili orqali amalga oshirayotgan chet davlat fuqarolariga shaxsiy identifikatsiya raqamlarini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatilishini joriy qilish topshirildi.

JSHSHIR fuqarolarning biometrik pasportida ko‘rsatilgan va u pastki qatorda joylashgan 14 ta raqamdan iborat.

Shuningdek, u ID-kartaning orqa tomonida "Shaxsiy raqam /Personalnumber" yozuvi ostida ko‘rsatilgan.

Bugungi kunda Sirdaryo viloyati IIB MvaFRB hamda uning joylardagi bo‘linmalari tomonidan Sirdaryo viloyati hududida vaqtincha bo‘lib turgan yoki o‘z faoliyatini ishonchli vakili orqali amalga oshirayotgan chet davlat fuqarolariga hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga shaxsiy identifikatsiya raqamlari o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib berilmoqda.

Sirdaryo viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi

Text to speech