Guliston shahar ichki ishlar boshqarmasida "Intizom oyligi" jadallik bilan o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2023 yil 25 iyul kunidagi farmoyishiga muvofiq joriy yilning 25 iyul kunidan 25 avgust kuniga qadar ichki ishlar organlarida “Intizom oyligi” o‘tkazilmoqda. Oylik doirasida Guliston shahar ichki ishlar boshqarmasida oylikni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Mazkur chora-tadbirlar dasturidan kelib chiqqan holda ichki ishlar organlarida mavjud imkoniyat, shart-sharoitlarni, ijtimoiy-iqtisodiy va kriminogen vaziyatni inobatga olgan holda alohida reja ishlab chiqilib bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilning 31 iyul kunida Guliston shahar ichki ishlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi bilan saf ko‘rigi o‘tkazildi hamda boshqarma maʼmuriy binosining kirish joyiga, shuningdek shahar markazi va aholi gavjum joylarga ichki ishlar organlarida “Intizom oyligi” tadbiri o‘tkazilayotganligini aks ettiruvchi banner va plakatlar ilindi hamda intizom oyligini o‘tkazish yuzasidan videorolik tayyorlanib ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilindi. Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, xodimlarni yuqori kasbiy tayyorgarlikka ega, maʼnan yetuk, bilimli, halol, vatanparvar, mard va jasur etib tarbiyalash, faol hayotiy pozitsiyasini shakllantirish, ona Vatan taqdiriga bo‘lgan masʼuliyatini oshirish hamda g‘oyaviy va turli axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish maqsadida Guliston shahar IIB maʼmuriy binosida tashkil etilgan kutubxonaning ochilish marosimi o‘tkazildi hamda xodimlar uchun kitob yarmarkalari tashkil etildi. Bundan tashqari, xodimlarning xizmat burchlari va majburiyatlarini sadoqat va fidoyilik bilan vijdonan bajarishga yo‘naltirish hamda xalqimizning boy madaniy tarixini yana-da chuqurroq o‘rganish maqsadida xodimlar bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan "Maʼnaviyat marshruti"da ko‘rsatilgan Xovos tumanida joylashgan "Xovos tepaligi"ga tashrif uyushtirildi. Shuningdek, sohada xizmat qilib borayotgan xodimlarini jismonan sog‘lom hamda baquvvat qilib yetishtirish, jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi murosasizlik hisini shakllantirish maqsadida muntazam ravishda jangovar va jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari o‘tkazib kelinmoqda. O‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar xodimlarning har qanday sharoitda davlat va xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, milliy qadriyatlarga sodiq, umuminsoniy qadriyatlarga tayanadigan, yot va buzg‘unchi g‘oyalarga murosasiz kurashuvchi, iymon-eʼtiqodi va irodasi mustahkam, maʼnaviyatli va fidoyi, barkamol shaxs sifatida tarbiyalash, ular qalbida davlat va xalqimizning xavfsizligini taʼminlashda shaxsiy daxldorlik va yuqori masʼuliyat hisini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasizdir.
Sirdaryo viloyati IIB MMI va KBTX