19 Oktyabr 2022 yil 319

Ijod maktabida madaniy tadbir tashkil etildi

Maʼlumki, yurtimizda 21 oktyabr O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalarida “Oktyabr oyi -ona tili fan oyligi” sifatida eʼlon qilinib, turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, ilmiy-adabiy kechalar o‘tkazilmoqda. Jumladan, IIV Sirdaryo akademik litseyida ham O‘zbek tili bayrami ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda. joriy yilning 18 oktyabr kuni IIV Sirdaryo akademik litseyi hamda H.Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari ishtirokida "Til-millat ko‘zgusi" shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi professor Qozoqboy Yo‘ldoshev va taniqli yozuvchi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Luqmon Bo‘rixonlar ishtirok etdi. Adabiy kechada o‘quvchilar ona tilimizga hurmat va muhabbat ruhini tarannum etuvchi sheʼr va g‘azallarni ifodali o‘qib berdilar. Qo‘shiqlar kuylab, mumtoz kuylarga raqslar ijro etdi. Yosh ijodkorlar tomonidan mahorat bilan ijro etilgan o‘zbek tili tarixini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Viloyat madaniyat boshqarmasi xodimlari tomonidan taqdim etilgan kuy-qo‘shiqlar davraga o‘zgacha shukuh baxsh etdi.

Shuningdek, tadbirdan so‘ng litsey o‘quvchilari uchun H.Xudoyberdieva nomidagi ijod maktabida tashkil etilgan uy muzeyiga sayohat uyushtirildi. Muzeyda o‘quvchi yoshlar shoiraning qo‘lyozma, kitob, surat, foydalangan buyumlari bilan yaqindan tanishdi.

Bunday tadbirlar yosh avlod qalbida ona tilimizga ehtirom va muhabbat hissini tarbiyalab, ularda chin insoniy xislatlarni kamol toptirishda katta ahamiyatga ega bo‘lishi shubhasiz.

Text to speech