6 Oktyabr 2022 yil 280

IIV Sirdaryo akademik litseyida “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish - oliy burchimizdir” shiori ostida harbiy sport musobaqasi tashkil etildi.   

Joriy yilning 10 sentyabr kunidan 10 oktyabr kuniga qadar Ichki ishlar organlarida “Kasbiy tayyorgarlik oyligi” o‘tkazilmoqda. Mazkur oylik doirasida IIV Sirdaryo akademik litseyida ham o‘quvchilar ishtirokida mahorat darslari, o‘quv mashg‘ulotlari va harbiy sport musobaqalari uyushtirilmoqda. Jumladan, joriy yilning 29 sentyabr kuni “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish - oliy burchimizdir” shiori ostida harbiy sport musobaqasi tashkil etildi. Sport tadbirida bilim yurtining 2-bosqich o‘quvchilaridan iborat 7 ta jamoa o‘zaro kuch sinashishdi. Dastlab qatnashchilarning saf ko‘rigi va ularning minbar oldidan tantanali o‘tishi baholandi. Shundan so‘ng to‘sinda tortinish, 100 metrga  yugurish, granata uloqtirish va arqon tortish shartlarida ishtirokchilar kuch va imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi. O‘quvchilarning chaqqon va epchilligi esa qurollarni to‘liqsiz qismlarga ajratish va yig‘ish shartlarida namoyon bo‘ldi. Taʼkidlash joiz, musobaqa o‘quvchi yoshlar qalbida ona Vatanga muhabbat va harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishlarini yana-da oshirdi. Shuningdek, ushbu musobaqalar ulg‘ayotgan avlodni mardlik va shijoatga o‘rgatib, ularni kelajakda jinoyatchilikka qarshi kurash va uni oldini olish, fuqarolar tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida kamarbasta bo‘lish, vatan oldidagi burchlarini aʼlo darajada o‘tash, harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Murosasiz kechgan bahslarda jamoalar o‘zlarining bor kuch va imkoniyatlaridan foydalanishdi. Yakunda 1-o‘rinni  201-guruhning “Arslonlar” jamoasi, 2-o‘rinni 203-guruhning “Lochinlar” jamoasi, 3-o‘rinni 206-guruhning “Qalqon” jamoalari egallashdi. Tadbir so‘ngida g‘olib jamoalar litsey rahbariyati tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

IIV Sirdaryo akademik litseyi

Text to speech