7 Aprel 2023 yil 293

IIV Sirdaryo akademik litseyida mahorat darslari davom etmoqda.

O‘sib kelayotgan yosh avlodni barkamol voyaga yetkazish, ona Vatanimizga va tanlagan kasbiga sadoqat tuyg‘ularini yana-da mustahkamlash taʼlim-tarbiya jarayonining muhim mezoni sanaladi.

Mazkur ustuvor vazifalardan kelib chiqib, IIV Sirdaryo akademik litseyida joriy yilning 04 aprel kuni Guliston tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Ibragimov Shodiyor Usmonovich ishtirokida o‘quvchilar bilan “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va bu boradagi ustuvor vazifalar" mavzusida “ochiq muloqot” tarzida mahorat darsi tashkil etildi. Uchrashuvda ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilingan Ichki ishlar organlari xodimlarining kasb madaniyati va xizmat intizomi Kodeksi haqida mazmunli suhbat uyushtirildi. Podpolkovnik Sh.Ibragimov ichki ishlar organlarida faoliyat ko‘rsatadigan kadrlar vatanparvar, yuksak maʼnaviyatli, ruhan tetik, jismonan sog‘lom bo‘lishi zarurligini qayd etib, bu borada o‘z tavsiyalarini berdi. Tadbir so‘ngida faol o‘quvchilarga kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.

O‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar o‘quvchi-yoshlarni sohaga bo‘lgan qiziqishlarini yana-da orttirishga va ularning har tomonlama yetuk, bilimli bo‘lib kamol topishlariga xizmat qiladi.

Text to speech