IIV Sirdaryo Akademik litseyida “Alisher Navoiy sharqning buyuk shoiri, mutafakkiri va davlat arbobi” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Sirdaryo tumani Yoshlar ishlari agentligi, Madaniyat bo‘limi “Yoshlik-do‘stlik” havaskorlar xalq ansambli, Guliston davlat universitetidan navoiyshunos olimlar, litsey professor-o‘qituvchilari, o‘quvchi yoshlar qatnashdi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyni xotirlash, uning boy maʼnaviy merosini kelgusi avlodlarga yetkazish va Navoiy kabi buyuk avlodlarni tarbiyalashdan iboratdir. Badiiy kechada mutafakkir bobomiz boy maʼnaviy merosi bilan insoniyat tamadduniga ulkan hissa qo‘shganini alohida taʼkidlandi. Xususan, Navoiy asarlarida ilgari surilgan umumbashariy g‘oyalar jamiyatda inson qadrini ulug‘lashga, mamlakat taqdiri uchun munosib avlodlarni kamol toptirishga, yoshlarning maʼnaviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirishga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
– Hazrat Navoiyning umrboqiy asarlari asrlar osha dunyo xalqlari adabiyotining bebaho gultoji bo‘lib kelmoqda, – dedi Guliston davlat universiteti Filologiya fakulteti o‘qituvchisi To‘raqulov Raxmatjon Zokirjon o‘g‘li. – Bobomiz butun hayotini turkiy til ravnaqiga bag‘ishladi va haqli ravishda Uyg‘onish davrining yetuk vakillari qatoridan joy oldi. Jahonda Alisher Navoiydek asarlari keng tarqalgan, ilmiy-tadqiq qilingan allomalar juda oz. Shoir ijodiga hozirgi kunda ham qiziqish yuqori, uning devon va asarlari ingliz, rus, fransuz, fors, hind, turk, ozarbayjon singari ko‘plab tillarga tarjima qilinib, qayta-qayta nashr etilmoqda. Shuningdek, Navoiyshunos olim R.Z.To‘raqulov tomonidan o‘quvchi yoshlar o‘rtasida noanʼanaviy tarzda viktorinalar o‘tkazilib, buyuk allomamizning hayoti va ijodi, faoliyati haqida qiziq savollarga javoblar umumlashtirildi. Taʼkidlash kerakki, o‘quvchilarning aksariyati berilgan savollarga to‘liq javoblari bilan o‘zlarining buyuk mutafakkirimiz ijodiga befarq emasliklarini namoyon etishdi.
Sirdaryo tumani Yoshlar ishlari agentligi rahbari Baratov Xasan Abdufattoxovich eʼtirof etganidek, buyuk ajdodimiz merosini o‘rganish va targ‘ib qilish borasida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keng ko‘lamli xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Shoir tavalludining adabiyot bayrami sifatida tantana qilinayotgani barkamol avlod taʼlim-tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Tadbir davomida Navoiy g‘azallari o‘zbek, rus va ingliz tillarida yangradi. Ayniqsa shoir hayoti va ijodi haqidagi sahna ko‘rinishi, iqtidorli yoshlarning A.Navoiyning ijod namunalaridan yod aytgani hamda Sirdaryo tumani Madaniyat bo‘limi “Yoshlik-do‘stlik” havaskorlar xalq ansambli tomonidan Navoiyning g‘azallariga bastalangan kuy-qo‘shiqlarni ijro etishlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
IIV Sirdaryo Akademik litseyi