11 Aprel 2022 yil 302

IIV Sirdaryo akademik litseyida “Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovi o‘tkazildi.

Amir Temur – o‘zligimizni anglash, milliy anʼana va qadriyatlarimizni tiklash borasidagi ulug‘vor ishlarda xalqimizga maʼnaviy kuch bag‘ishlab kelayotgan ulug‘ siymolardan biridir. Sohibqiron tavallud topgan kun mamlakatimizda har yili ko‘tarinki ruhda keng nishonlanadi. Bu yil ulug‘ sarkarda tavalludiga 686 yil to‘lganligi hamda Respublika ichki ishlar organlarida “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish - oliy burchimiz” shiori ostida “Maʼnaviyat oyligi” o‘tkazilayotganligi munosabati bilan IIV Sirdaryo akademik litseyida xam 9 aprel kuni “Temur tuzuklari bilimdoni” mavzusida o‘quvchilar o‘rtasida 7 ta jamoadan iborat “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi.

Tadbirni litsey direktori mayor G‘.J.Abdullaev kirish so‘zi bilan ochib berib, buyuk sarkardaning jahon tamadduni tarixida tutgan o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi. Tadbirda jamoalar o‘zlarining Amir Temur hamda Temuriylar davri tarixi, sanʼati, madaniyati va ijtimoiy-siyosiy hayoti hamda “Temur tuzuklari” to‘g‘risidagi bilimlarini namoyish etish orqali o‘zaro bellashdilar.

Qizg‘in munozara va bahslarga boy bo‘lgan bilimlar bellashuvida o‘quvchilar Amir Temurning adolatli jamiyat barpo etish, xalq farovonligini taʼminlash, o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga oid ezgu tamoyillari bugun yurtimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy islohotlar bilan hamohang ekanini alohida taʼkidlashdi. Bellashuvda savollarga tezkorlik va aniqlik bilan javob bergan “Sohibqiron” jamoasi g‘olib deb topildi.

Shuningdek, o‘quvchilar tomonidan qo‘yilgan sahna ko‘rinishlari barchaga birdek manzur bo‘ldi. Tadbirda faol ishtirok etgan ishtirokchilar faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Text to speech