14 May 2022 yil 686

ID-karta – universal pasport: barcha maʼlumotlar bitta kartada

Bugungi kunda ko‘p vazifali ID-kartalar dunyoning aksar mamlakatlarida qo‘llanib kelinmoqda. Xususan, 84 ta davlat elektron tashuvchi qurilma, yaʼni maxsus chipga ega. 105 ta davlat esa chipsiz identifikatsiya kartalaridan foydalanadi.

Xususan, bugungi kunda Sirdaryo viloyati IIB MvaFRB hamda uning joylardagi bo‘linmalari tomonidan ham fuqarolarga ushbu qulay hujjat, identifikatsiya ID-kartalari rasmiylashtirib berilmoqda.

Xo‘sh, ID-karta o‘zi nima? Hozirgi axborotlashuv asrida u bizga qanday qulayliklarni taqdim etadi? Bu hujjatni qo‘lga kiritish uchun qanday jarayonlarni bosib o‘tishimiz kerak?

ID karta – shaxsning biografik maʼlumotlari, raqamli fotosurati, barmoq izlari  va elektron raqamli imzo kaliti sertifikatini saqlovchi plastik karta ko‘rinishidagi hujjatdir. Jahon tajribasida bu kartadan nafaqat shaxsni va fuqarolikni tasdiqlovchi guvohnoma, balki bank plastik kartasi, haydovchilik guvohnomasi, ochiq kalit, elektron hamyon sifatida ham foydalaniladi.

Davlat rahbarining 2020 yil 22 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida 2021 yil 1 yanvardan boshlab, shaxsni raqamli identifikatsiya qilishning yagona tizimini joriy etish, yaʼni 2011 yilgi namunadagi biometrik pasport o‘rniga O‘zbekiston fuqarosining shaxsini va fuqaroligini tasdiqlaydigan elektron tashuvchi qurilmaga ega hujjat sifatida ID-kartalarni joriy etishga kirishildi.

ID-karta olish uchun fuqarolarimiz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ham elektron ariza berishlari mumkin. Elektron tarzda murojaat etishning afzalligi shundaki, siz migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga kelib, almashtiriluvchi biometrik pasportingizni taqdim etgunga qadar bo‘lgan jarayonlar, yaʼni biometrik pasportdagi, ota-ona to‘g‘risidagi va ungacha to‘ldirilishi talab qilinuvchi maʼlumotlarni onlayn tarzda jo‘natasiz. Keyin migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga kelish vaqtini o‘zingizga qulay kunga belgilashingiz mumkin.

Hujjatlar rasmiylashtirib bo‘lingach, bazaviy hisoblash miqdorining 89% miqdorida, yaʼni hozirgi kun holatiga ko‘ra, 240 ming 300 so‘m miqdorida to‘lov undiriladi.

Avvallari biometrik pasportlar 10 ish kunida rasmiylashtirilar edi. Hozirgi kunda esa ID-kartalar Sirdaryo viloyati IIB MvaFRB hamda uning joylardagi bo‘linmalari tomonidan hujjatlar qabul qilib olingach bir ish kuni mobaynida taqdim etilmoqda.

Ushbu kartaning joriy etilishi aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish ishini sezilarli darajada osonlashtiradi va optimallashtiradi. Shuningdek, xavfsizlik tomoni ham yaxshi ishlangan: barcha maʼlumotlar shifrlangan bo‘ladi.

 Sirdaryo viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi

Text to speech