27 May 2022 yil 341

Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarning faolligini oshirish yo‘lida...

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining 2022 yil 23 mart kunidagi “Ichki ishlar organlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar bilan ishlash borasidagi faoliyat samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilash to‘g‘risida”gi 73-sonli Farmoyishiga asosan, Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar bilan ishlash amaliyotiga joriy yilning 1 aprel kunidan “Xotin-qizlar bilan ishlash xaritasi” asosida ish olib borish tizimi joriy etildi. Mazkur xarita asosida, Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlar bilan xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etish bo‘yicha yakka tartibda suhbat o‘tkazish, ijro intizomiga rioya qilish, xodimning jamoadagi o‘rni, kitob o‘qishi, maʼrifat, xizmat tayyorgarligi va sohaga oid normativ hujjatlarni konspektlashtirish daftarini yuritilishi, mavzularni o‘zlashtirganlik holatini tekshirish maqsadida xotin-qizlarni xizmat joyiga borib o‘rganish, xodimning yashash manzilida oilaviy sharoiti bilan yaqindan tanishish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, xotin-qizlarni jismoniy va kasbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida qatnashishlarini tashkillashtirish, bola parvarishlash taʼtilidagi xodimlar bilan muloqot qilib, profilaktik suhbat o‘tkazish, xotin-qizlarni haq-huquqlarini taʼminlanganligi, munosib mehnat sharoitining yaratilganligi, ularni o‘z vaqtida ishga kelib-ketishlari, kiyinish odobiga hamda xizmat intizomiga amal qilish holatini tekshirish ishlari ham tizimli olib borilmoqda. Mazkur chora-tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad ichki ishlar organlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning ijtimoiy faolligi va kasbiy tashabbuskorligini oshirish, bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ular bilan maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarni manzilli olib borish hamda bu borada mutasaddilarning masʼuliyatini yana-da oshirishdir.

 Sirdaryo viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati

Text to speech