16 Dekabr 2022 yil 371

Ichki ishlar organlari xodimlarining bandligi taʼminlanmagan oila aʼzolari Guliston “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Joriy yilning 19-noyabr kuni Ichki ishlar vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi oʻrtasida “Oʻzaro hamkorlik memorandumi” imzolanib, unga koʻra Ichki ishlar organlari xodimlari, ishchi va xizmatchilari, pensionerlar hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida xodimlarning bandligi taʼminlanmagan oila aʼzolarini kasbga yoʻnaltirish, kasbiy qiziqishi va layoqatini inobatga olgan holda boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlarini taʼminlash, shuningdek, oilalardagi maʼnaviy-maʼrifiy muhitni yaxshilash maqsadida xodimlarning oila aʼzolarini monomarkazlarda oʻqitish rejalashtirilgan. Xuddi shunday hamkorlik memorandumi joriy yilning 30-noyabr kuni Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda viloyat Bandlik bosh boshqarmasi oʻrtasida imzolanib, hamkorlikda amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi.

Memorandumda belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlari xodimlarining bandligi taʼminlanmagan oila aʼzolarini roʻyxati shakllantirilib, hozirda ularni monomarkazlarda oʻqitish boʻyicha ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda.

Jumladan joriy yilning 16-dekabr kuni bir guruh Ichki ishlar organlari xodimlarining oila aʼzolari (turmush oʻrtoqlari) Guliston “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Tashrif davomida monomarkaz masʼul xodimi tomonidan markazda mavjud oʻquv kurslari, yaratilgan imtiyoz, imkoniyat va sharoitlar haqida toʻliq tushuncha berildi. Soʻngra xodimlarning oila aʼzolari oʻquv jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar hamda oʻzlari qiziqqan yoʻnalish boʻyicha oʻqish istagini bildirib, bunday imkoniyatdan mamnuniyat bilan foydalanishlarini maʼlum qildilar.

Sirdaryo viloyati IIB MMI va KBTX

Text to speech