13 Sentyabr 2022 yil 430

Ichki ishlar organlari tizimida kasbiy tayyorgarlik oyligiga start berildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi PF-6099-son “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2018 yil 17 yanvar kunidagi “Ichki ishlar organlarida xizmat, jangovar, jismoniy va axloqiy-psixologik tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi 17-son buyrug‘i talablari ijrosini taʼminlash, Ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy tayyorgarligini oshirish, xodimlarning sog‘lom turmush tarziga rioya etishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida Guliston shahrida joylashgan “Dinamo” sport majmuasida, O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2022 yil 07 sentyabr kunidagi “Ichki ishlar organlari tizimida kasbiy tayyorgarlik oyligini o‘tkazish to‘g‘risidagi 198-sonli Farmoyishi talablari ijrosi doirasida Guliston shahar ichki ishlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi bilan 2022 yil 13 sentyabr, seshanba kuni soat 08:00dan, 10:00ga qadar sport (jismoniy tayyorgarlik) mashg‘uloti o‘tkazildi.

Xodimlarning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi hamda ularning kasbiy tayyorgarlik darajasini yana-da mustahkamlash maqsadida, sport (jismoniy tayyorgarlik) mashg‘ulotida xodimlarning xizmat vazifalarini bajarish vaqtida o‘zini-o‘zi himoya qilish bo‘yicha maxsus jismoniy tayyorgarlik usullarini yetarli darajada o‘zlashtirishi hamda davolash-sog‘lomlashtirish guruhiga kiruvchi (DSG-LFK) xodimlar sonini kamaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Shaxsiy tarkibning haftaning belgilangan kunlari jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlariga qatnashishlari ustidan nazorat kuchaytirilib, bu borada barcha darajadagi rahbarlarning “shaxsiy o‘rnak” bo‘lishlari asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

Mashg‘ulotlar davomida buyruq asosida biriktirilgan jamoatchi instruktorlar tomonidan sportning sambo (qo‘l jangi hamda o‘z-o‘zini himoya qilish usullari), yakka kurash, yengil atletika, kross, suzish, sport o‘yinlari hamda kuch ishlatish bo‘yicha amaliy mashqlar tashkil etilib, asosiy eʼtibor mashg‘ulotlarni sifatli va samarali o‘tkazilishiga hamda xodimlar tomonidan mashqlarni mukammal o‘zlashtirishlariga qaratildi.

Tashkil etilgan mashg‘ulotlarda shaxsiy tarkibga yetarli shart-sharoitlar yaratilib, xodimlarning to‘liq ishtirok etishi taʼminlandi. Navbatdagi maxsus unvonga, egallab turgan lavozimidan yuqori lavozimlarga hamda rag‘batlantirishlarga tavsiya etishda xodimlarning jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlariga qatnashganliklari va natijalari doimiy eʼtiborga olindi.

Jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlariga sababsiz qatnashmagan va o‘z vaqtida kelmagan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, masʼul rahbarlar va xodimlarga nisbatan intizomiy taʼsir choralari qo‘llanilmoqda hamda semizlik darajalari bo‘yicha antropometrik ko‘rsatgichlari o‘zgarmagan yoki barqaror saqlanib qolgan (ozish choralarini ko‘rmagan) xodimlarni IIVning amaldagi meʼyoriy buyrug‘i talablariga asosan egallab turgan lavozimida qolish yoki qolmaslik masalasi attestatsiya komissiyalarida ko‘rib chiqilmoqda.

Guliston shahar IIB

Text to speech