Ichki ishlar vazirligining ishchi guruhi tomonidan Sirdaryo viloyatida kompleks inspektorlik tekshiruvi oʻtkazildi
Davlatimiz rahbarining respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha topshiriqlarini ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vazirligining ishchi guruhi tomonidan Sirdaryo viloyatida kompleks inspektorlik tekshiruvi oʻtkazildi.
Tadbirdan asosiy maqsad hududiy ichki ishlar organlari faoliyatini tanqidiy oʻrganish va tahlil qilish orqali, ularning samaradorligini oshirish, amaliy yordam koʻrsatish hamda yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.
Xususan, Ishchi guruh rahbari tomonidan viloyatning Sirdaryo, Xovos, Mirzaobod tumanlari hamda Guliston shahrining kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan qizil toifadagi mahallalarida masʼullar tomonidan olib borilayotgan ishlarning natijadorligi oʻrganildi.
Jumladan mutasaddilar jinoyatchilik bir muncha oshganligi sababli bugungi kunda qizil toifadagi mahallalar qatoriga tushib qolgan Sirdaryo tumani “Islomobod” hamda Guliston shahri “Shodlik“ mahallarida boʻlishdi. U yerda huquqni muhofaza qiluvchi organ masʼullari va mahalla yettiligi vakillariga hududda jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi murosasiz muhitni yaratish, sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatlarni barvaqt aniqlash va oldini olish lozimligi yuzasidan qator koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
Shuningdek ishchi guruh aʼzolari viloyatning qoʻshni Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh hududi hisoblangan Xovos tumanida oʻrganish olib bordilar. U yerda dastlab chegaraga yondoshlar hududlar koʻzdan kechirilib, chegara hududlarida sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatlarga yoʻl qoʻymaslik, hushyorlikni oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillarining hamkorlikdagi ishlarini yanada jadallashtirish lozimligi alohida qayd etildi.
Bundan tashqari ishchi guruh aʼzolari Xovos tumanida qurilish rekonstruksiya ishlari tugatilayotgan Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi, tuman IIBni binosi koʻzdan kechirib, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, moddiy-texnik taʼminot, shaxsiy tarkibning jangovar shayligini nazoratdan oʻtkazdilar.
Shuningdek Mirzaobod tumanida boʻlgan ishchi guruh aʼzolari vazirlikka biriktirilgan va bugungi kunda rekonstruksiya ishlari amalga oshirilayotgan 25-umumtaʼlim maktabi faoliyati, Prezidentimiz tashabbusi bilan oʻquvchi yoshlarni boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida olib borilayotgan “Dolzarb 90 kun” tadbirlari samaradorligini oʻrgandilar.
Ishchi guruh aʼzolari shuningdek Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi, boshqarma Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi hamda Kinologiya boʻlinmasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mutasaddilar tomonidan viloyat hududida jamoat tartibini saqlash, jinoyat va huquqbuzarlikni oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni issiq izidan fosh etish, kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash borasidagi ishlar birma-bir tahlil qilindi.
Respublika ishchi guruhining Sirdaryo viloyatidagi kompleks inspektorlik tekshiruvi yakunlariga bagʻishlangan tanqidiy yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda ichki ishlar vazirligi rahbariyati, viloyat, tuman va shahar ichki ishlar hamda sohaviy xizmatlar rahbarlari va oʻrinbosarlari ishtirok etishdi.
Yigʻilishda ichki ishlar organlari xizmatining joriy holati, faoliyat samaradorligi, shaxsiy tarkibning kasbiy tayyorgarligi, xizmat intizomi va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlar toʻliq tahlil qilindi.
Inspektorlik tekshiruvlaridan koʻzlangan asosiy maqsad mavjud vaziyatni tanqidiy oʻrganib, ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini oshirish, muammolarini bartaraf etish ekanligi ishchi guruh rahbari tomonidan alohida taʼkidlab oʻtildi.
Tadbir jarayonida xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, aholi hamda safdoshlari tomonidan alohida eʼtirof etilgan bir guruh xodimlar Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan munosib ragʻbatlantirildi.
Jumladan, Yangiyer shahar IIB Ekspert-kriminalistika guruhi katta eksperti podpolkovnik Abduvaxob Abdumovlonov va Sirdaryo tumani IIB Tezkor-qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boʻlimi katta tezkor vakili mayor Inayatulla Boyigitovlar “Aʼlo xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan, Sirdaryo viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Konvoy guruhi xodimi kichik serjant Ikromiddin Mingbayev II-darajali “Benuqson xizmatlari uchun”, Yangiyer shahar IIB huzuridagi Tergov guruhi katta tergovchisi mayor Qaxramon Tursunmurodov III-darajali “Benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishonlari bilan, shuningdek Boyovut tumani IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati profilaktika inspektori katta leytenant Komiljon Dusmuratov Ichki ishlar vazirining esdalik qoʻl soati bilan taqdirlandilar.
Tadbir jarayonida xizmat vazifasini namunali tashkil etgan Boshqarma Jamoat xavfsizligi xizmati Xotin qizlar va yoshlar masalalari boʻyicha boʻlim boshligʻi kapitan Muxabbat Xidiraliyevaga Ichki ishlar vaziri tomonidan minnatdorchilik bildirildi.
Faoliyati davomida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygan bir guruh rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy taʼsir choralari koʻrildi.
Inspektorlik tekshiruvi natijalariga koʻra, viloyat hamda tuman-shahar boʻlinmalariga xizmatda foydalanish uchun turli rusumdagi 23 dona avtotransport vositalari taqdim etildi, qoʻshimcha tarzda maxsus texnik vositalar, kompyuter jamlanmalari, formali kiyim boshlar ajratilishi taʼkidlandi.
Yigʻilish davomida masʼul shaxslarning axborotlari tinglandi, takliflar koʻrib chiqildi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar belgilab olindi.