Xovos tumanida jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika ishlari o‘rganildi
Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Xovos tumanida bo‘lib, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash hamda profilaktik chora-tadbirlarni samarali tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan atroflicha tanishdi.
Tashrif davomida boshqarma boshlig‘i tumandagi bir qator mahallalarga bo‘ldi. Mahalla yettiligi tarkibi bilan uchrashib, jamoat tartibini taʼminlash, aholi bilan hamkorlikda ishlash, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni kamaytirish masalalari muhokama etildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvardagi PQ-1-son qarori asosida ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarning ijrosi ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvlarda boshqarma boshlig‘i joylarda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, profilaktik tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish va har bir mahallada huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi. Shuningdek, mutasaddilarga profilaktika inspektorlari faoliyatini kuchaytirish, aholi bilan doimiy muloqotda bo‘lish, ijtimoiy nazoratni samarali amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma va tavsiyalar berdi.
Tashrif davomida boshqarma boshlig‘i tumandagi ayrim alohida toifadagi shaxslar yashaydigan xonadonlarga kirib, ularning turmush sharoiti, ehtiyoj va takliflarini o‘rgandi. Muammolarni joyida hal qilish maqsadida masʼul tashkilot va mutasaddilarga zarur ko‘rsatmalar berildi.
Boshqarma boshlig‘i taʼkidlaganidek, jinoyatchilikning oldini olishda mahalla faollari, hudud profilaktika inspektorlari va aholining o‘zaro hamkorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois, joylarda bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.