19 May 2023 yil 259

Guliston tumani IIB tarixiga oid “Jannatmakon yurtning mard o‘g‘lonlari” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor A.I.Ikramovning 2022 yil 15 may kunidagi “Ichki ishlar organlarining tarixiga oid kitobni tayyorlash va chop yetish to‘g‘risida”gi 2/1434-sonli ko‘rsatmasi talablari hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2023 yil 11 aprel kunidagi 100-sonli Farmoyishiga asosan "Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish-oliy burchimiz!" shiori ostida joriy yilning 1 may kunidan 1 iyun kuniga qadar o‘tkazilishi belgilangan "Maʼnaviyat oyligi" doirasida Guliston tumani IIB maʼrifat zalida Guliston tumani IIB tomonidan chop etilgan “Jannatmakon yurtning mard o‘g‘lonlari” nomli kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu tadbirga tuman IIB Faxriylar kengashi raisi va nafaqadagi faxriy xodimlar, tuman Axborot kutubxonasi va Tarixiy o‘lkashunoslik muzeyi masʼul xodimlari, Yoshlar agentligi Guliston tumani bo‘limi xodimlari, “Guliston chiroyi” gazetasi masʼul xodimlari taklif etildi. Tadbirda so‘zga chiqqan Guliston tumani IIB kadrlar bilan taʼminlash guruhi katta inspektori kapitan Jamshid Anarkulov ushbu kitobning yozilishida arxivlar, muzeylar hamda turli ilmiy adabiyotlar, faxriy xodimlarning so‘zlaridan qariyb bir yil mobaynida maʼlumotlar to‘planganligi to‘g‘risida tadbir ishtirokchilariga maʼlumot bergan bo‘lsa, Axborot kutubxona rahbari Dilfuza Mo‘minova ushbu kitobda tuman IIB tarixi bilan bir paytda Guliston tumani o‘tmishi to‘g‘risida maʼlumotlar aks etganligi, tuman tarixi Sirdaryo viloyatidagi ilk insonlar kelib, o‘rnashib yashab qolgan hudud bo‘lganligi, bu yerning qulay sharoiti va iqlimi, yerlarining unumdorligi 19-asrlarda odamlar kelib joylashganligi to‘g‘risida hamda tumanda joylashgan 19-asrga oid imoratlarning bugungi kunga qadar yaxshi holatda saqlanib qolgani, bu hududni o‘zlashtirishda ulkan hissa qo‘shgan knyaz Ramanovlar faoliyati to‘g‘risida gapirib o‘tdi. Tuman IIB Faxriylar kengashi nafaqadagi mayor Abdumo‘minov Nuridillo  “Jannatmakon yurtning mard o‘g‘lonlari” kitobida tuman IIBda uzoq yillar samarali xizmat qilgan faxriy xodimlar xizmat faoliyati, erishgan yutuqlari hamda afg‘on urushi qatnashchilari, hozirgi kunda tuman IIBda xizmat qilib kelayotgan xodimlar, ularning xizmat faoliyati, yuqori natijalarga erishib davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan xodimlar to‘g‘risida maʼlumot va foto surʼatlar o‘z aksini topganligini va bu kitob Guliston tumani Ichki ishlar bo‘limi tarixi va bugungi kuni o‘zida aks ettirilgan birinchi kitob ekanligini alohida taʼkidlab o‘tdi. Tadbirda so‘zga chiqqan faxriy xodimlar va hamkor tashkilotlar masʼul xodimlari kitob ijodkorlarini bunday ijobiy yutuqlar bilan muborakbod etdi va Guliston tumani IIB xodimlarining kelgusidagi xizmatlariga ulkan zafarlar tiladi.

Text to speech