6 Oktyabr 2021 yil 328

Guliston tumani IIB boshligʻining aholiga murojaati.

Guliston tumanida jinoyatlarning katta-kichikligidan qatʼiy nazar raqamga emas, sifatga hamda fuqarolarning har bir murojaatiga alohida eʼtibor qaratilib, jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligi hamda qonun buzilish holatlariga tezkorlik bilan munosabat bildirilib, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarni barvaqt oldini olish ishlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda davom ettirilmoqda.

Prezidentimizning 26 mart 2021 yildagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi farmoniga asosan viloyat, tuman va shahar ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan har oy yakuni boʻyicha aholiga Internet tizimidagi axborot resurslari orqali hududdagi kriminogen vaziyat yuzasidan “profilaktik-ogohlantiruvchi murojaat” qilib borish amaliyoti joriy etilgan boʻlib, unga koʻra, IIOlari rahbarlari oʻz hududidagi kriminogen vaziyat yuzasidan har oy yakuni boʻyicha aholini xabardor qilib borishi belgilab olindi.

2021 yilning sentabr oyi davomida ham Guliston tumanida jinoyatchilikka qarshi kurashish, uning oldini olish, jinoyatdan jabrlangan shaxslarni huquqlarini tiklash, yetkazilgan zararlarni oʻrnini qoplash va har bir qilmish uchun javobgarlikning muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan bir qator samarali ishlar amalga oshirildi. Soʻngi vaqtlarda Davlatimiz rahbari tomonidan har bir mahallada xavfsiz sharoitlarni yaratish, fuqarolarimizning tinchlik-osoyishtaligini taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Guliston tumanida sodir etilgan jinoyatlarga to'xtalib o'tadigan bo'lsak:

- sodir etilgan, yaʼni tayyorlanayotgan, suiqasd qilingan yohud tamomlangan jinoyat haqidagi ariza va xabarlar asosida roʻyxatga olingan oʻgʻirlik, firibgarlik, talonchilik va shu kabi boshqa jinoyatlar 55 tani tashkil etgan boʻlsa,

- profilaktik tadbirlar, tergovga qadar tekshiruv, tezkor-qidiruv faoliyati va tergov harakatlarini oʻtkazish davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tashabbusi yoki kuch va vositalari bilan aniqlangan, yaʼni qoʻshmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash, odam savdosi, valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki oʻtkazish, qurol, oʻq-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga qonunga xilof ravishda egalik qilish kabi jinoyatlar 7 tani tashkil qilgan,

- fuqarolarimizning ehtiyotsizligi oqibatida sodir etilgan, yaʼni transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish kabi jinoyatlar 5 tani,

- tergov boʻlinmalari tomonidan dastlabki tergov davomida qoʻshimcha aniqlangan, yaʼni voyaga yetmagan shaxsni gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish va shu kabi boshqa jinoyatlar esa sodir etilmadi.

Ushbu davrda qayd etilgan jinoyatlarning salmoqli qismi, yaʼni 35 tasini oʻgʻirlik, 20  tasini esa firibgarlik jinoyatlari tashkil etib, yuqoridagi jinoyatlar asosan bozor hududlarida, savdo doʻkonlarida, yoʻlovchi avtomashinalarda, oʻquv maskanlarida va boshqa hududlarda sodir etilmoqda.

Misol uchun Guliston shahar, Bo‘ston maxallasi, 32-uyda yashovchi Raxmatov Ko‘paysin Faxriddin o‘g‘li Guliston tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, Guliston tumani, “Ko‘nchi” mol bozoriga qoramol sotib olish maqsadida kelib, o‘ziga tegishli bo‘lgan, Jentra rusumli, 20E575EA davlat belgili avtomashinasi orqa saloniga 19.000.000 so‘m pullarni paketga solib tashlab ketganligini, shu kuni oradan bir soat o‘tib, avtomashinasiga kelib  qaragan  vaqtida pullari joyida yo‘qligini ko‘rganligini ma’lum qilgan.

Firibgarlik jinoyati usuli boʻyicha tahlil qilinganida, salmoqli qismi avtomashina olib berish, uy-joy va yer oldi-sotdisi, ishga kiritib qoʻyish, oldi-berdi munosabatlari hamda oʻziga tegishli uyali telefon apparati va boshqa mulkini foydalanib olishi uchun notanish shaxs qoʻliga ishonib topshirishi bilan bogʻliq holda sodir etilgan boʻlsa, oʻgʻirlik jinoyati xonadon va savdo shahobchasiga gʻayriqonuniy ravishda kirish orqali yoki fuqarolarimiz tomonidan oʻzlariga tegishli avtomototransport vositalarini ochiq holda qarovsiz qoldirishlari, shuningdek bozorlar, koʻchalar va savdo shaxobchalarida yurgan vaqtida yonidagi mulklariga nisbatan, shu bilan birga hayvonlar, velosipedlar va shu kabi boshqa mulklarini yashash xonadonlari va ochiq maydonlarida xavfsiz saqlanishiga eʼtiborsiz munosabatda boʻlib kelayotganliklari oqibatida sodir etilmoqda.

Shu bois,

- fuqarolarimiz firibgarlar tuzogʻiga ilinmasligi uchun oʻz haq-huquqlarini himoya qilishini,

- oʻz mulkini begona shaxslar qoʻliga ishonib topshirmasligini,

- har qanday oldi-berdi munosabatini notarial tartibda rasmiylashtirishlarini,

- oʻzlariga tegishli avtomototransport vositalarini ochiq holda qarovsiz qoldirmasliklarini,

- egnidagi kiyimida boʻlgan mulklariga ehtiyotkor boʻlishlarini,

- shuningdek, oʻgʻirlik jinoyati qurboniga aylanmasliklari uchun hayvonlar, velosipedlar va shu kabi boshqa mulklarini xavfsiz joyda saqlanishiga va qimmatbaho buyumlarini jamoat joylarida unitib qoldirmasliklariga alohida eʼtibor berishlarini,

- shu bilan birga, atrofda boʻlayotgan har qanday voqea va hodisaga befarq munosabatda boʻlmasliklarini, ogoh va xushyor boʻlishlarini soʻrab qolamiz.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar bilan tizimli ish tashkil etish va bu yoʻnalishda belgilangan vazifalarni bajarilishi jinoyat va huquqbuzarliklar salmogʻini kamayishiga va oldi olinishiga xizmat qilmoqda.

Shu oʻrinda, yuqoridagi holatlar jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, sodir etilishi mumkin boʻlgan salbiy holatlarga barham berish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni jilovlashda barchamiz birdek masʼul ekanligimizni ham eslatib turadi.

Hurmatli fuqarolar, sizlarni hamisha ogoh va hushyor boʻlishga chorlab qolamiz.

Text to speech