26 Sentyabr 2025 yil 161

Guliston shahrida aholi osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan tungi xizmat faoliyati oʻrganildi

Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Guliston shahrida kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, fuqarolarning osoyishtaligini saqlash yoʻnalishida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Dastlab, boshqarma boshligʻi polkovnik Farux Xaydarov shahar mutasaddilari hamrohligida Guliston markaziy xiyoboniga tashrif buyurdi. Tashrif davomida boshqarma boshligʻi xiyobonda aholiga yaratilgan sharoitlar, jamoat tartibini saqlash, xiyobonga oʻrnatilgan videokuzatuv kameralarini hamda milliy gvardiya nazorat maskanini koʻzdan kechirdi. Mutasaddilarga aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatma va tavsiyalarini berib oʻtdi.

Shundan soʻng boshqarma boshligʻi Guliston shahar Qoʻriqlash boʻlimiga tashrif buyurib, qoʻriqlash pulti koʻzdan kechirildi. Oʻrganishlar jarayonida korxona va tashkilotlarda, savdo maskanlarida oʻrnatilgan kuzatuv kameralari hamda qoʻriqlash pultiga ulanganligi koʻzdan kechirilib, sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etish chora-tadbirlari yuzasidan masʼullarga tegishli topshiriqlarini berib oʻtdi.

Jarayon davomida Guliston shahar IIBda tashkil etilgan filtr guruhlari faoliyati bilan ham tanishib oʻtdi. Unda alohida toifadagi shaxslar, jinoyat sodir etish ehtimoli yuqori boʻlgan hamda jamoat joyida mast va bemaqsad yurgan shaxslar bilan profilaktik suhbat oʻtkazdi.

Guliston shahrida olib borilgan tungi oʻrganish davomida, savdo markazlarida jamoat tartibini saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda patrul guruhlari faoliyatlari oʻrganilib masʼullarga tegishli koʻrsatma va topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari boshqarma boshligʻi Mirzaobod tumani hududida joylashgan viloyat IIB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi Maxsus qabulxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishilib, u yerda bino va hududning tozaligi, saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, tegishli ish hujjatlari koʻzdan kechirildi.

Viloyatning barcha hududlarida aholi osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan tungi faoliyatni oʻrganish ishlari davom etmoqda.

Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati 

Text to speech