22 Avgust 2022 yil 403

Fuqarolarga doimiy ro‘yxatga qo‘yish uchun my.gov.uz sayti orqali murojaat qilish imkoniyati yaratildi

Respublikamizning barcha viloyatlarida hozirda doimiy ro‘yxatga olish (propiska) bo‘yicha onlayn xizmat yo‘lga qo‘yildi. Xizmatdan foydalanish uchun ONE ID va elektron raqamli imzo kaliti talab etiladi.

Endilikda yangi manzilga ko‘chib o‘tishda doimiy ro‘yxatga olish uchun migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga borish shart emas.

Mazkur xizmatdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali ham foydalanish mumkin. Hozirgi kunda viloyatimiz aholisi tomonidan Sirdaryo viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda uning joylardagi bo‘linmalariga doimiy ro‘yxatga olish bo‘yicha onlayn arizalar kelib tushmoqda va ushbu yo‘nalishda ham xizmat ko‘rsatilib kelinmoqda.

Xizmatdan foydalanish uchun my.gov.uz portaliga yagona identifikatsiya tizimi (ONE ID) orqali kirish va xizmatlar ro‘yxatidan fuqarolik bo‘limini tanlash lozim. Undan so‘ng, yashash joyiga doimiy ro‘yxatga turish xizmat turi tanlanadi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza berishda arizachi uy-joyning kadastr raqamini va doimiy ro‘yxatga qo‘yilayotgan shaxsning JSHSHIRni bilishi lozim.

So‘rovnoma shakli to‘ldirilgach, tegishli ravishda Ichki ishlar vazirligining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga yuboriladi. Fuqaro haqidagi maʼlumotlarni avtomatik tarzda tegishli maʼlumotlar bazalaridan tekshiriladi.

Shundan so‘ng, Ichki ishlar organlari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari tomonidan doimiy ro‘yxatga olinishi haqida QR-CODE bilan himoyalangan qayd varag‘ini rasmiylashtirilib, ariza beruvchiga elektron tarzda yuboriladi.

Xizmat narxi bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi (6000 so‘m) miqdorida bo‘lib, Yagona portal orqali xizmat ko‘rsatilganda dastlabki narxdan 10 foiz arzondir.

Xizmat yarim avtomatik tarzda amalga oshiriladi va muddati bir kun. Bundan tashqari, xizmatdan foydalanish uchun ERI kalit ham talab etiladi.

 Sirdaryo viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi

Text to speech