17 Iyul 2022 yil 379

BUYUK ZOTGA HAVAS BILAN

Sardoba fojiasi kuni edi. Boshqarmaga yigʻilgan barcha ichki ishlar xodimlari zudlik bilan suv toshqinidan aziyat chekkan Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba tumanlariga yuborildi. Yosh leytenant Islomxon Karimovga Mirzaobod tumani Navbahor mahallasiga yetib borish, oilalarni evakuatsiya qilishga koʻmaklashish, ularni moddiy jihatdan qoʻlla-quvvatlash ishlarini tashkil etish vazifasi yuklatildi. Islom topshiriqni oldiyu, bir oz kalovlanib qoldi.yu U hayotidagi ilk katta topshiriq va masʼuliyatni qabul qilib olayotgandi. Sir boy bermay yoʻlga chiqdi. Navbahorda uni noxush manzara kutib turardi. Ayollar, bolalar yigʻi-sigʻisi, odamlarning uyoqdan-buyoqqa yugurishi, tartibsizliklardan dovdirab qolmay, birpasda vaziyatni qoʻlga oldi. Hamkasblari bilan bir necha soatda ikki yuzdan ortiq insonlarni evakuatsiya qilinishiga erishdi. Avval ayollar va bolalar, keksalar fojia joyidan uzoqlashtirildi. Ularga hammasi davlatning nazoratida ekanini aytib tinchlantirdi. Hukumat odamlarni tashlab qoʻymasligini, uyi buzilganlarga yangi imoratlar qurib berilishini aytiyu oʻksik koʻngillarni koʻtardi.

Unga Oʻzbekistonning birinchi Prezidentining ismi qoʻyilgan. Maktabda ham ismi familiyasi aytilganida hamma unga yalt etib bir qarab qoʻyardi. Leytenant Islomxon Karimov 1992-yil Guliston tumanida dunyoga kelgan. Dadasi Shamsiddin aka 20 yildan oshiq vaqt huquqshunos sifatida Sirdaryo viloyati Guliston tumani notariusi lavozimida faoliyat koʻrsatgan. Shu bois yosh Islomning qalbida bolaligidan huquq tartibot organlarida ishlashga havas uygʻondi. Bu orzu uni bir lahza ham tark etmadi. Garchand, Toshkent Davlat Iqtisodiyot universitetini bank-moliya yoʻnalishida bitirgan boʻlsada,Sirdaryo viloyati IIB ga ishga joylashdi. Boshqarmaning moliya-moddiy taʼminot boshqarmasi buxgalteri vazifasida sidqidildan ish boshladi. 2022-yilning boshidan beri esa Boshqarmaning Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar, kadrlar bilan taʼminlash xizmati ijtimoiy taʼminot guruhi katta inspektori lavozimiga oʻtkazildi.

Islomxon Karimov xodimlarning har tomonlama qoʻllab-quvvatlashning nafaqat oʻzining xizmat vazifasi, balki burchi deb hisoblaydi. Birgina joriy yilning oʻzida 7 nafar xodimga uy-joy sharoitini yaxshilab olishlari uchun 203 million soʻm foizsiz ssuda berilishiga erishdi. Shu kabi 4 nafar xodimning oila aʼzolari sogʻligʻini tiklash uchun 30 million soʻm, xizmat vaqtida salomatligini yoʻqotgan 7 nafar xodimga 45 million soʻmlik yordam koʻrsatildi. 151 nafar uzoq masofadan kelib ishlayotgan xodimlarga esa ijara pullari toʻlab berilmoqda. Insonning boshida yaxshi va yomon kunlari bor. Yosh boʻlsada Islomxon arimov buni yaxshi tushunadi. SHU sababli toʻy va boshqa marosimlarni oʻtkazishda yordam soʻragan 22 nafar xodimga 115 million soʻm yordam koʻrsatildi. Bu ishlarning barchasida yosh, jonkuyar Islomxon Karimov bosh-qosh boʻldi. Uning orzulari bir dunyo. Hali kelajakda el-yurt osoyishtaligi yoʻlidagi xizmatlarda ulkan marralarni qoʻlga kiritmoqchi.

Abdurahmon MUSTAFOQULOV,

“Postda” muxbiri

Sirdaryo viloyati

Text to speech