4 Noyabr 2021 yil 369

Bugungi kitobxon litsey yoshlari – ichki ishlar organlarining kelajak kadrlari qiyofasini belgilab beruvchi yetakchi kuchidir

Kitob, avvalo, hayotiy maktab, maʼnaviyat manbai. U kitobxonni hayot bilan tanishtiradi, unda hayotni sevish, yashash mohiyatini anglash hislarini tarbiyalaydi, ona Vatanga, xalqiga sadoqatli boʻlish tuygʻusini oʻstiradi. Badiiy adabiyot oʻqish orqali kitobxonning badiiy idroki, mustaqil fikrlash qobiliyati, mutolaa madaniyati, Vatan taqdiri uchun javobgarlik tuygʻusi tarbiyalanadi.

Yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida IIV Sirdaryo akademik litseyida Sirdaryo tuman Axborot-kutubxona markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda 1-bosqich oʻquvchilari uchun “Yosh kitobxon” tadbiri boʻlib oʻtkazildi.

Oʻquvchilarning dunyoqarashlarini ular kelgusida oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan kasb egalari kabi shakllantirish asnosida “Ichki ishlar organlari xodimlari oʻqishi uchun tavsiya etiladigan adabiyotlar roʻyxati”da belgilab berilgan badiiy adabiyotlar doirasida adibning hayoti va ijodi toʻgʻrisida jamoaviy tarzda maʼlumot berish, maʼlum asarning mazmun-mohiyati haqida soʻzlab undan monolog keltirish, asarlar doirasidagi tezkor blits savol-javoblar tarzida 3 ta shart boʻyicha oʻtkazildi.

Hakamlar safidagi litseyning uzoq yillik pedagogik ona tili va adabiyot fani ustozlari tomonidan asar mazmun-mohiyatini ifoda etishdagi kamchiliklar, oʻquvchi yoshlar nutqini yanada ravon qilish yoʻllari haqida oʻz maslahatlarini berdilar.

Bahs-munozaralarga boy boʻlgan tadbirdan olam-olam taassurotlarga ega boʻlgan 101-guruh oʻquvchisi Abdunoʻmonova Durdona shunday deydi: “Litseyimiz Axborot-resurs markazida “Ichki ishlar organlari xodimlari oʻqishi uchun tavsiya etiladigan adabiyotlar roʻyxati” burchagi tashkil etilganligi biz oʻquvchilarda mazkur adabiyotlarga alohida qiziqish paydo qildi. Men ham ichki ishlar organi xodimasi boʻlishni oʻz oldimga maqsad qilib qoʻygan oʻquvchi sifatida xuddi shu tizim xodimlari singari fikrlashni xohlayman”

“Litseyimizda kitob mutolaasiga qaratilgan eʼtibor katta. Boʻlajak ichki ishlar organi xodimlarining ayni vaqtdagi doʻsti bu-kitob.“- deya koʻrik tanlovni gʻoliblar qatorida yakunlagan 103-guruh oʻquvchisi Doniyorov Diyorbek oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

Litsey rahbariyati tomonidan tadbir soʻngida 103-guruh jamoasi gʻolib jamoa sifatida badiiy adabiyotlar toʻplami bilan taqdirlandilar. Kelgusidagi kitobxonlik tadbirlarida Sirdaryo tuman Axborot-kutubxona markazi mutaxassislari bilan badiiy asar taqdimotlarini oʻtkazishga va markazga ekskursiya tashkil etishga kelishib olindi.

Text to speech