23 Fevral 2023 yil 231

Axborot texnologiyalari – rivojlanish garovi

Bugungi shiddatkor davrimizni axborot texnologiyalarisiz tasavvur qilish juda qiyin. Hayotning kompyuterdan foydalanilmaydigan biror bir jabhasi qolmadi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Bu esa o‘z navbatida yosh avlodning kompyuter savodxonligiga eʼtiborni kuchaytirishni taqozo etadi. Keyingi davrda bu sohaga davlat miqyosida eʼtibor kuchaytirilgani bejiz emas. Bu vazifani chuqur anglagan IIV Sirdaryo akademik litseyi jamoasi tomonidan o‘quvchilariga umumtaʼlim va kasbiy fanlardan chuqur bilim berish, bo‘lajak tartib posbonlarini yuksak vatanparvarlik g‘oyalari ruhida tarbiyalash bilan bir qatorda ularning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi turli tadbirlarni tashkil etishga katta ahamiyat beriladi.

Joriy yilning 22-23-fevral kunlari litsey o‘quvchilari o‘rtasida “Informatika va axborot texnologiyalari” fanidan bilimlar bellashuvi tashkil qilindi. Musobaqada 8 ta jamoa “Tanishtiruv”, “Word dasturida matn yaratish”, “Power Point” dasturida “Ichki ishlar akademiyasi”ga bag‘ishlangan taqdimot yaratish va namoyish etish”, “Tezkor savol-javob”, “Krossvord” shartlari bo‘yicha bellashdilar.

Murosasiz bahslarga boy o‘tgan tadbirda g‘oliblik 107-guruhning ”Algoritm” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, tadbirda o‘zlarining yorqin chiqishlari bilan boshqa ishtirokchilardan yaqqol ajralib turgan o‘quvchilar litsey rahbariyatining esdalik sovg‘alariga sazovor bo‘ldilar.

Text to speech