25 Oktyabr 2024 yil 5389

25 oktyabr — O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Sanjar Djabarovning BAYRAM TABRIGI

Hurmatli Ichki ishlar organlari xodimlari! Muhtaram faxriylar!

Avvalo, sizlarni ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Viloyatimiz aholisi sizlarni o‘z hayotini el-yurt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdek ulug‘ ishiga bag‘ishlagan, qasamyodiga sodiq insonlar, deb biladi va mashaqqatli xizmatingizni doim munosib eʼtirof etadi.

Jinoyatchilikning oldini olish, uning sabablarini bartaraf etish maqsadida huquqbuzarliklarni "mahallabay" va "soxabay" muhokama qilish tizimi joriy qilindi. Jinoyatlar nisbatan ko‘p sodir etilgan mahallalarda tashkil etilgan huquq-tartibot maskanlarida huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning birgalikdagi faoliyati yo‘lga quyildi. Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni keng targ‘ib etish hamda turli salbiy illatlarning oldini olish maqsadida viloyatimizdagi barcha maktablarda inspektor-psixolog lavozimlari joriy etildi va bu o‘zining dastlabki ijobiy samaralarini bermoqda. Profilaktika inspektorining mahallada xokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli bilan hamkorlikdagi faoliyatining yo‘lga quyilgani ko‘plab huquqbuzarliklarga barham berish hamda xotin-qizlarni zo‘ravonlik va turli tazyiqlardan himoya qilish uchun sharoit yaratmoqda.

Insonning tug‘ilgan joyi xoh sahro, xoh bog‘u-bo‘ston bo‘lsin o‘zi uchun Vatan deb nomlangan tuproqni har tomonlama obod va ozod asrash,  himoya qilish naqadar oliy va muqaddas burch, balki o‘z o‘rnida sharaf hamdir. 

25-oktyabr - Ichki ishlar organlari xodimlari kuni. Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilishni oliy saodat va yuksak g‘urur deb bilgan, o‘z oromi va halovatidan kechib el osoyishtaligini taʼminlayotgan soha xodimlarini kasb bayrami bilan muborakbod etamiz.

Turli xavf-xatarlar, murakkab vaziyatlarga qaramasdan, zimmalariga yuklatilgan vazifalarni sharaf bilan bajarayotgan osoyishtaligimiz posbonlarining xizmati tahsinga munosib. Bu esa yurt farovonligi va xalqimiz tinchligi yo‘lida fidokorona xizmat ko‘rsatishning eng oliy namunasidir deb aytsak, mubolag‘a bo‘lmas.

Ichki ishlar idoralari xodimlari bor ekan kunlarimiz osuda, tunlarimiz xotirjam. Siz yurtimizning buguni va ertasiga, tinchligi va saodatiga masʼul qalqonlarsiz. Sizning jasurligingiz va matonatingiz yosh avlod uchun ibrat maktabidir.

Hurmatli hamkasblar!

Ichki ishlar tizimidagi islohotlarimizning amaliy natijasini sohaning har bir xodimi, birinchi navbatda, xalqimiz o‘zining kundalik hayotida sezishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Fursatdan foydalanib, fidokorona mehnatingiz, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatingiz uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.

Yana bir bor Sizlarni ichki ishlar organlari xodimlari bayrami bilan samimiy tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘lik, oilangizga fayzu-baraka, masʼuliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Hurmat bilan, 

Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Sanjar Djabarov

Text to speech