25 oktyabr — O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Sandjar JABBOROVning BAYRAM TABRIGI
Hurmatli ichki ishlar tizimi xodimlari! Muhtaram faxriylar!
Avvalo, sizlarni ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Viloyatimiz aholisi sizlarni o‘z hayotini el-yurt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdek ulug‘ ishiga bag‘ishlagan, qasamyodiga sodiq insonlar, deb biladi va mashaqqatli xizmatingizni doim munosib eʼtirof etadi.
Barcha hududlarimizda xavfsiz sharoit yaratish, tinchlik va osoyishtalikka qarshi tahdidlarga to‘liq barham berish maqsadida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining jamoat xavfsizligi konsepsiyasi hamda 2022-2025 yillarda jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini rivojlantirish strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda. Mazkur hujjatlarga asosan ilk bor xar bir tuman va shaharda fuqarolar xavfsizligini ishonchli taʼminlash bo‘yicha 10 ta davlat idorasining hamkorlikda ishlash mexanizmlari va vazifalari belgilab berildi. Fuqarolar huquqlarini himoya qilish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan zamonaviy ish uslublari amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Jinoyatchilikning oldini olish, uning sabablarini bartaraf etish maqsadida huquqbuzarliklarni "mahallabay" va "soxabay" muhokama qilish tizimi joriy qilindi. Jinoyatlar nisbatan ko‘p sodir etilgan mahallalarda tashkil etilgan huquq-tartibot maskanlarida huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning birgalikdagi faoliyati yo‘lga quyildi. Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni keng targ‘ib etish hamda turli salbiy illatlarning oldini olish maqsadida viloyatimizdagi barcha maktablarda inspektor-psixolog lavozimlari joriy etildi va bu o‘zining dastlabki ijobiy samaralarini bermoqda. Profilaktika inspektorining mahallada xokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli bilan hamkorlikdagi faoliyatining yo‘lga quyilgani ko‘plab huquqbuzarliklarga barham berish hamda xotin-qizlarni zo‘ravonlik va turli tazyiqlardan himoya qilish uchun sharoit yaratmoqda.
Ichki ishlar organlarining kundalik faoliyatini innovatsion yondashuvlar, raqamli texnologiyalar va ilm-fan yutuqlariga tayangan xolda tashkil etish, fuqarolarning hayoti, qadr-qimmati va mol-mulkini kibermakonda ishonchli himoya qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalar asosida samarali metodikalar ishlab chiqilayotganini alohida taʼkidlash lozim.
Sizlarni ichki shilar xodimlari bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘lik, oilangizga fayzu-baraka, masʼuliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.