18 Iyul 2025 yil 223

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi 2025/2026 o‘quv yili uchun kunduzgi ta’lim bakalavriatining “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati (Kiberxavfsizlik)” yo‘nalishiga qo‘shimcha tanlov e’lon qiladi!

Akademiyaga oʻqishga kirish uchun nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi PQ-3413-son qarori bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlarida xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizom”da belgilangan talablarga javob berishi zarur.

Nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlishi, 17 yoshdan kichik (qabul yilida 17 yoshga toʻladiganlar) va 25 yoshdan katta boʻlmasligi (shu jumladan, 25 yoshdagilar), umumiyoʻrta, oʻrta maxsus yoki professional maʼlumotga ega boʻlishi kerak.

Arizalar qachongacha qabul qilinadi?

Nomzodlardan arizalar 2025-yilning 14-iyul kunidan 30-iyul kuniga qadar qabul qilinadi.

Akademiyada oʻqish istagini bildirgan nomzodlarning arizasi doimiy yashash joyi boʻyicha hududiy ichki ishlar organlarida qabul qilinadi.

Qanday hujjatlar talab etiladi?

Nomzodning arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

nomzod tomonidan qoʻlda va kompyuterda yozilgan tarjimai hol;

anketa (maʼlumotnoma);

harbiy xizmatga chaqiriluvchining qayd etilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi nusxasi;

oʻqish, ish (agar oʻqiyotgan yoki ishlayotgan boʻlsa) joyidan tavsifnoma;

doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joyidan sogʻligʻining holati haqida belgilangan namunadagi maʼlumotnoma (boʻy-basti koʻrsatilgan holda);

ota-onasining Akademiyaga oʻqishga kirishiga rozilik xati.

Oʻqishga qabul qilish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

1) dastlabki tanlov;

2) maxsus kasbiy tanlov;

3) yakka tartibdagi yakuniy suhbat.

Dastlabki tanlov nomzodga tegishli hujjatlarni va uni tavsiflovchi maʼlumotlarni toʻplash, nomzod toʻgʻrisidagi turli maʼlumotlar, shuningdek, uning sogʻligi jihatdan oʻqishga yaroqliligini aniqlashdan iborat.

Nomzodlar vazirlik hamda ichki ishlar organlarida maxsus tashkil etilgan harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.

Maxsus kasbiy tanlov quyidagilardan iborat:

hujjatlarni oʻrganish;

tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;

matematika, informatika va axborot texnologiyalari fanlarini oʻzlashtirganlik darajasini baholash.

Maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzod yakka tartibdag iyakuniy suhbatga qoʻyiladi. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat huquqshunoslik, Oʻzbekiston tarixi, tarbiya fanlari boʻyicha oʻtkaziladi.

Nomzodlar maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari asosida Akademiyaga oʻqishga qabul qilinadi.

Kimlar imtiyoz bilan oʻqishga qabul qilinadi?

Xalqaro va respublika olimpiadalari gʻoliblari, “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sohiblari, shuningdek, vazirlik akademik litseylarining huquqshunoslik fani boʻyicha idoraviy fan olimpiadasi gʻoliblari dastlabki va maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz oʻqishga qabul qilinadi.

Shuningdek, matematika, informatika, dasturlash va axborot texnologiyalari boʻyicha nufuzli xalqaro, mintaqaviy hamda respublika olimpiadalari sovrindorlari dastlabki tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgach, Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasining qaroriga koʻra, belgilangan qabul kvotalari doirasida yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz oʻqishga qabul qilinadi.

Eslatib oʻtamiz!

Akademiyada oʻqish mutlaqo bepul, kursantlar oʻqishi davomida oziq-ovqat va yotoqxona bilan taʼminlanadi.

Manzil: Guliston shahar, Navoiy shox ko‘chasi, 199-uy (Dinamo sport majmuasi).

Mo‘ljal: (Stomatologiya markazi yonida) joylashgan.

Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun telefonlar: (97) 777-65-65; (91) 503-39-90

Text to speech