8 Dekabr 2021 yil 312

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi hamda “Kasbiy tayyorgarlik” oyligi munosabati bilan Sirdaryo viloyati Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2021 yil 31 mart kunidagi “Ichki ishlar organlari tizimida “Zakovat” intellektual o‘yinlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi 96-sonli buyrug‘iga asosan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligi” hamda “Kasbiy tayyorgarlik” oyligi munosabati bilan joriy yilning 7 dekabr kuni Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinlari o‘tkazildi.

Ushbu “Zakovat” o‘yinlarini o‘tkazishdan asosiy maqsad Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlarning intellektual va professional bilim darajasini, ma’naviy-axloqiy saviyasini muntazam ravishda oshirib borish, bu borada bilimli va salohiyatli xodimlarga iqtidorini namoyon etishlari uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratish, ularni munosib ravishda rag‘batlantirish, shuningdek, xodimlarda ilmni qadrlash, bilim olishga intilish kabi tushunchalarni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

O‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinida zukko, bilimdon va intellektual salohiyatga ega bo‘lgan yigit-qizlar Zakovat savol-javoblarida o‘z mahoratlarini namoyish etdilar.

Murosasiz, qizg‘in o‘tgan Zakovat o‘yinida Boyovut tumani IIBning zukko xodimlari 1-o‘rinni, Mirzaobod tumani IIB hamda Sirdaryo viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi jamoalari ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egalladilar. G‘olib jamoalar boshqarma boshlig‘ining qimmatbaho sovg‘alari hamda kitoblar to‘plami bilan taqdirlandilar.

Tashkil etilgan bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bundan keyin ham davom etib, har bir xodimni vataniga, xalqiga va oilasiga bo‘lgan sadoqatini yanada mustahkamlab, “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burch” ekanligini his qilgan holda halol xizmat olib borishini ta’minlaydi.

 Sirdaryo viloyati IIB Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati

Text to speech