12 Iyul 2022 yil 1339

Tezkor! Sirdaryo viloyatida 4 nafar shaxsdan iborat ekstremistik guruh faoliyatiga chek qoʻyildi

Sirdaryo viloyati IIB va DXXB hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida, Mirzaobod tumanida yashovchi, 1998-2004-yillar orasida tugʻilgan 4 nafar fuqarolar Internet tarmoqlari orqali jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatish bilan bogʻliq jinoyatni sodir etganliklari aniqlandi.

Jumladan, 2002-yilda tugʻilgan “M.A.” boshchiligidagi ushbu ekstremistik guruhga 1998-yilda tugʻilgan “M.B.”, “I.A” hamda 2004-yilda tugʻilgan “R.M”lar aʼzo boʻlishib, zoʻravonlik va shafqatsizlikni targʻib etuvchi materiallarni Internetning “Telegram” messenjeri orqali tarqatib kelganlar.

Ushbu shaxslar muqaddam bir mahallada istiqomat qilgan va hozirda Suriya hududidagi “Tavhid va jihod katibasi” terrorchilik tashkiloti safiga borib qoʻshilgan 1994-yilda tugʻilgan “I.A.” va 1987-yilda tugʻilgan “A.N.”lar bilan Internet orqali aloqa bogʻlab, ularning taʼsirida ekstremistik mazmundagi audio-video materiallarni yaqin tanishlari orasida tarqatish va targʻib qilish bilan shugʻullanib kelganlar.

Toʻplangan materiallar asosida mazkur shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2441-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech