Sirdaryo viloyati IIB boshlig‘i navbatdagi sayyor qabulini Sirdaryo tumanida o‘tkazdi.
Aholi murojaatlarini o‘rganish, shu orqali ularga munosib turmush sharoiti yaratib berish sektor rahbarlarining asosiy vazifasi hisoblanadi. Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining belgilangan rejaga ko‘ra navbatdagi sayyor qabuli Sirdaryo tumanidagi “Do‘stlik”, “Oqyo‘l” mahallalari aholisi uchun o‘tkazildi. Qabul avvalida, sektor rahbari hududdagi ijtimoiy masalalarni o‘rganishga eʼtibor qaratdi. Qish mavsumida aholi xonadonlarini tabiiy gaz hamda elektr energiyasi bilan taʼminlash uzilishlar kuzatilmasligi bo‘yicha tuman masʼullariga tegishli topshiriqlar berilib, shu asosda chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Qabulga tashrif buyurgan har bir fuqaroni qiynayotgan muammosi sektor rahbari tomonidan diqqat bilan eshitilib, hal qilinish choralari ko‘rildi. Murojaatlarning asosiy qismi uy-joy olish, moddiy yordam olish, kredit olish, Oliy o‘quv yurtiga o‘qishga qabul qilingan yoshlarning kontrakt to‘lovlarini to‘lashda amaliy yordam berish masalalaridan iboratdir. Eʼtiborli tomoni, kun talabidan kelib chiqqan holda, jarayonga yoshlarni qamrab olishga alohida eʼtibor qaratildi. Yigit-qizlar yurtimizda yoshlarga berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishda qiyinchiliklarga duch kelayotganligini bildirish barobarida sektor rahbaridan ko‘mak so‘radi. Jalol Iskandarov ham umid ilinjida qabulga kelgan yoshlardan biri. Oliy o‘quv yurtiga kira olmagandan so‘ng ancha vaqt bo‘sh yurdi. 3-sektor rahbarining tashrifi Jalol uchun samarali kechib, o‘zi uchun maqbul bo‘lgan joydan ish topishga muvofiq bo‘ldi. Umuman olganda, shu kabi murojaatlarning bir qanchasi qabulning o‘zida hal etildi. Natija esa raqamlar sharhida aniqroq bo‘y ko‘rsatmoqda. Qabulga tashrif buyurgan 42 nafar zamondoshimizdan 20 nafarining masalasiga ijobiy yechim topildi. 6 ta masala bo‘yicha soha xodimlari tomonidan batafsil huquqiy tushuntirish ishlari berildi. Qolgan masalalarni Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi o‘z nazoratiga oldi. Ushbu masalalar belgilangan vaqt davomida yechilishi taʼkidlandi. Viloyat 3-sektor rahbarining fuqaro murojaatlarini o‘rganish borasidagi shu kabi sayyor qabullari hududlar bo‘ylab davom etmoqda.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati