8 Yanvar 2022 yil 469

PANDEMIYA Umid va orzular qayta uyg‘onganida

Sababsiz oqibat bo‘lmaydi! Shu kunlarda insoniyat boshiga tushgan og‘ir sinovlarning ham o‘z sabablari bor. XXI asrga kelib “homo sapiens” shunday qudratga ega bo‘ldiki, endilikda u o‘zini yer yuzining yakka hukmdori sifatida his qila boshladi. Balandligi bir kilometrlik binolar, gipertovushli raketalar, atom suvosti kemalari, Mars sayyorasini o‘zlashtirishga tayyorgarlik, sun’iy aql, avtopilot elektromobillar, kvant kompyuterlar go‘yoki uning qudrati timsoli edi. Buni qarangki, mana shunday ulkan yaratuvchanlikdan boshi aylanib qolgan odamzodga birgina zarba bilan “haqir va ojiz”, uglevodorod to‘qimalaridangina iborat jonzot ekani eslatib qo‘yildi. Ajabo! Unga millimetrning milliondan bir ulushi darajasidagi kichik jonivor qarshi chiqdi. Qarangki, koronovirus deb atalmish ushbu kichik ayni paytda bemisl qudratga aylangan jonivorni dunyo miqyosidagi barcha evara-chevaralari bilan qo‘shib to‘plashsa  bitta kichik chelak to‘ladi yoki yo‘q!   

O‘z-o‘ziga choh qazib

Koronovirus-tabiatning insondan olayotgan intiqomi! Bu fikrga qo‘shilmasdan iloj yo‘q. Zamonaviy Google Erth platformasi “kinolentani teskar aylantirib”, yer yuzida so‘nggi ellik yilda bo‘lgan o‘zgarishlarni ko‘rsatib berishga qodir. Maqola tayyorlash asnosida men Markaziy Osiyodagi iqlim o‘zgarishlariga razm soldim. 1964 yildan 1990 yilgacha Orol dengizi o‘n baravarga qisqarib borgani ko‘z oldimda gavdalandi. Markaziy Osiyodagi antropogen savannalar mos ravishda o‘n baravarga kengaygan. Yangi shaharlar, qishloqlar, ulkan sanoat zonalari paydo bo‘lgan. Janubiy Amerikadagi “yer yuzining o‘pkasi” hisoblangan Amazonka o‘rmonlari esa uchdan ikkiga qisqarib, yangi plantatsiyalar yaratilgan. Yer yuzidagi 25 foiz kislorodni yetkazib berayotgan Sibir o‘rmonlaridagi o‘zgarishlar esa bundan-da dahshatliroq. Baykal-amur magistrali qurilishi, taygalardagi behisob boyliklarni o‘zlashtirish asnosida yangi sanoat gigantlarining bunyod etilishi, gaz, neft konlarining o‘zlashtirishi, qo‘riq yerlar ochish va qurilish uchun o‘rmonlarning beshafqat kesilishini shunday ko‘rsatib berishga qodir ekan, bu Google Erth!

So‘nggi asrda havoga chiqarilgan is gazi miqdorining yuzlarcha chandon ortishi atmosferada o‘ziga xos qatlam hosil qilgani, natijada “issiqxona effekti” paydo bo‘lgani endlikda maktab o‘quvchilariga-da ma’lum. Natijada yer yuzidagi harorat keyingi o‘n yilda o‘rtacha ikki-uch gradusga ortdi. O‘rmon yong‘inlari, qurg‘oqchilik, abadiy muzliklarining erishi kabi tabiat halokatlari paydo bo‘ldi. Google Erth xaritasida Arktika va Antarktika, Grenlandiyadagi abadiy muzliklarni erishini kuzatish o‘ta mahzun kayfiyat ulashadi. Ayniqsa, Antarktidadagi yoshi o‘n million yilga teng Tueyts muz qalqonining erishi shu darajada tezlashganki, hayratlanmay iloj yo‘q. Olimlar hisob-kitobiga ko‘ra, 1980-yillarda Tueyts muzligi yiliga 40 millliard tonnagacha erigan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 6 baravarga oshib, 252 milliard tonnani tashkil etmoqda. Natijada dunyo okeanining sathi har yili 4 foizga ko‘tarilmoqda. Agar u batamom erib ketadigan bo‘lsa ummon suvlari yarim metrga ko‘tariladi. Qirg‘oq bo‘yidagi minglab orollar, megapolis shaharlar suv ostida qoladi. Butun Antarktidadagi muzliklarni to‘sib turgan o‘ziga xos qalqon yo‘qoladi. Antarktida yashillik sari yuz buradi. Boshqa qita’lar esa sahrolashish sari!

Koronovirus ham o‘sha insoniyat urush ochgan tabiatning mitti a’zosi. U million yillar davomida tabiatda yashab kelgan. Lekin insoniyat unga ham tajovuz qildi. U istiqomat qiladigan tog‘li hududlarni o‘z izmiga bo‘ysundirdi. Tog‘larni portlatdi. Konlarni qazidi. Tog‘ o‘rmonlarini kesdi. G‘orlarni vayron qildi. Ayniqsa keyingi qirq  yilda yer yuzining eng shiddat bilan rivojlangan Xitoyda bu holat keng quloch yoydi. Natijada ko‘rshapalaklarning nafas organlarida “tinchgina tirikchilik qilib” kelgan mitti virusning tinchi buzildi. U boshqa turdoshlari singari qarab turmadi. O‘zidagi sharoitga moslashish, tez mutatsiyaga uchrash xususiyati orqali yashash uchun kurashga kirishdi. Ma’lumotlarga qaraganda koronovirus inson o‘pkasi va organizmiga moslashish uchun bir necha o‘n avlodni o‘z ichiga olgan mutatsiyalashuv bosqichini bosib o‘tgan. Uxan yovvoyi hayvonlar bozoridan boshlangan hujumning asl sabablari ana shunday.

Tabiat zanjiri uzilib, insoniyat zanjirband qilinganida!

Xitoydan boshlangan koronovirus epidemiyasi pandemiyaga aylanishini ko‘pchilik kutmagandi. Lekin JST darhol bong urdi: “Insoniyat ulkan xavf qarshisida turibdi”! Minglab reyslar bekor qilindi. Samolyotlar yerga “o‘tirdi”, kemalar portdan chiqmay qoldi. Poezdlar, avtomobillar shovqini tinganida, sanoat korxonalari dudi osmonga o‘rlamay qolganida tabiat qanday nafas olganini kuzatgan mutaxassislar hayratini yashira olmadi. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari ko‘l, daryo va ko‘rfazlardagi suv bir necha baravar tiniqlashganini, havodagi musaffolik ortganini qayd qildi. Insoniyat esa zanjirband qilingan edi go‘yo! Kasalxonalar tirband bo‘lib ketdi. O‘likxonalar, qabristonlar zo‘riqish bilan ishlay boshladi. Birinchi bo‘lib Yevropaning Italiya, Ispaniya kabi davlatlari dosh bera olmadi. Kunlik o‘lim darajasi jami kasallanganlarning 15-17 foizigacha chiqib bordi. Koronovirus bardam-baquvvat gavdalilarni ham yotqizib tashladi. Immun tizimida yangi virusga qarshi kurashish qobiliyati yo‘qligi, ayyor virus tanaga kirgach 14 kun bildirmay urushga tayyorlanishi katta yo‘qotishlarga olib keldi. Ularning ortidan Turkiya, Eronda epidemiya avj oldi.  Pandemiya sabab aloqalar to‘xtagan bo‘lsada, qattiq karantin cheklovlari qo‘yilganiga qaramay bir necha oyining ichida virus kirib bormagan davlat, orol qolmadi. Globall miqyosda o‘zaro bog‘lanib ketgan aloqalar sabab Tinch va Atlantika okeanining o‘rtasidagi kishi bilmas orollargacha virus iskanjasida qoldi. Hindistonda kechgan pandemiyaning dastlabki to‘lqini minglab odamlarni umriga zomin bo‘ldi. Odamlarni ko‘mishga, yoqishga ulgurib bo‘lmay qoldi. Ganga suvlari toshganida uning qirg‘oqlariga apil-tapil ko‘milgan jasadlarni oqizgani voqealari dunyo axborot makonini zabt etdi.

Dunyoning yetakchi davlati bo‘lmish AQSh keskin karantin tadbirlari qo‘llashni inkor etdi. Odamlarni uyida o‘tirishga majburlash “Emerika ijtimoiy qadriyatlariga to‘g‘ri kelmaydi” degan vaj aslida AQSh iqtisodiyotini falajlashdan saqlab qolish maqsadida aytilganini dunyo hamjamiyati keyinroq tushunib yetdi. Natijada AQSh iqtisodiyoti imkon darajasida kam talofat ko‘rishiga erishildi. Boshqa tomondan ikkinchi jahon urushida boy bergan qurbonlardan-da ko‘p odamlar o‘limi kuzatildi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda hozirgi kunda 53 million nafar “Sem” amaki koronovirusga chalingan. Qurbonlar soni esa 837 ming nafarni tashkil etgan. Dunyo miqyosida esa kasallanganlar soni 280 million nafarni tashkil etib, 5,5 million nafar zamondoshimiz hayotdan ko‘z yumgan. Bu ko‘rsatkich rasmiy ro‘yxatga olinganlarni qayd etishini hisobga oladigan bo‘lsak, raqamlar ko‘lami yanada kengayishini tasavvur qilish qiyin emas.

Dunyo iqtisodiyoti esa keyingi yuz yillikdagi eng chuqur regressni boshdan kechira boshladi. 2021 yil oxiriga kelib mittigina jonivorlar dunyo iqtisodiyotiga yetti trillion dollar zarar keltirgani hisoblab chiqildi. Jahon yalpi milliy mahsuloti (VNP) 4,5 foizga qisqardi. 2021 yilda AQSh, Xitoy, Yevropa Ittifoqida yalpi milliy mahsulot 10 foizdan 21- foizgacha tushishi bashorat qilinmoqda.

Garchand dunyo miqyosida vaksinatsiya jarayonlari juda tez amalga oshirilgan bo‘lsa ham epidemiya to‘lqinini to‘xtatish imkoni bo‘lmadi.   2021 yil oxirida koronovirus million martaga mutatsiyalashib, yanada yashovchanligini oshirdi. U endi insoniyat qarshisiga “omikron” degan nom bilan qayta yuzlandi. Virusning yangi shtammi organizmdagi immun tizimni osonlik bilan yengib o‘ta olishi, vaksina orqali hosil qilingan antitanalar uni oldida ojiz bo‘lib qoldi.  

Yangi yil arafasida Daniya, Shvesiya, Italiya kabi bir qator Yevropa davlatlari yana cheklovlarni joriy etdi. Hukumatlar dunyo miqyosida koronovirus pandemiyasining beshinchi to‘lqini avj olishidan xavotir olishgan. Shu singari Xitoyning 13 million aholiga ega Sian shahri ham to‘liq izolyatsiyaga olindi. Karantin tadbirlari yangi yilning dastlabki oyida Pekinda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan qishgi olimpiada o‘yinlari oldidan epidemiya zanjirini uzish uchun kiritildi.

Koronovirus - siyosiy qarama qarshilik vositasi

Eh insoniyat! Bir tarafda insoniyatga qirg‘in kelgan, bir tarafda esa o‘zining manfaati yo‘lida bundan foydalanib qolishga urinish!  AQSh koronovirus pandemiyasidan o‘zining jahondagi yakkahokimligiga tobora soya solayotgan Xitoyga qarshi kampaniya sifatida foydalanib qolishga urindi. U o‘zining savdo-iqtisodiy sheriklari bilan virus Uxandagi laborotoriyadan tarqalgan, Xitoy uni oldini olish uchun yetarlicha chora ko‘rmagan degan ayblovlar bilan chiqdi. Xitoyni dunyo miqyosida yakkalab qo‘yishga navbatdagi kampaniya boshlandi. O‘sha paytdagi AQSh prezidenti Donald Tramp “Xitoy koronovirus epidemiyasi uchun dunyoga tovon to‘lashi kerak” degan da’voni ilgari surdi. Aslida esa shu yo‘l bilan Xitoy iqtisodiyotini bo‘g‘ish, uning savdo aloqalari ko‘lamini pasaytirishga urinib ko‘rildi. Qarangki, Xitoy bu axborot xurujidan ham chiqib keta oldi. Shu singari dunyoning yetakchi davlatlari koronovirusga qarshi vaksinalarining savdosini avj oldirdi. Manfaatlar to‘qnash kelganida odamlarni yaqqol ko‘rinib turgan o‘limdan asrab qolishni emas, o‘zlarinng foydalarini qo‘zlash holatlari bu yerda ham ko‘zga tashlandi. Afrika, Osiyo, Janubiy Amerikadagi millionlab odamlar vaksinatsiyaga muhtoj bo‘lgan paytda Xitoy va Rossiyaning vaksinalarini ro‘yxatdan o‘tkazmaslik, ularni vaksinalarini tan olmaslik samaradorligini shubha ostiga olish yo‘lidan borildi. Har bir davlat o‘zining vaksinasini ko‘proq sotish yo‘lidan bordi. Kambag‘al davlatlarga vaksina yetishmasligi barchani juda kam tashvishlantirdi. Faqatgina pandemiyaning ikkinchi yili o‘rtalariga kelibgina rivojlanayotgan davlatlarga vaksina yetkazib berishning alohida dasturlari amalga oshirila boshlandi.   

So‘nggi so‘z o‘rnida

Karantinning dastlabki kunlari. “Checc.com” internet platformasi orqali shaxmat o‘yinayapman. Navbatdagi raqibim Avstraliyalik bo‘lib chiqdi. Uch-to‘rt yurishdan keyin kutilmaganda raqib chat orqali aloqaga chiqib qoldi. Inglizcha so‘zlar, odatdagidek tanishuv. Qandaydir g‘alati lahja. Bazo‘r tushunayapman. U “sizlarda koronovirus qanday kechayapti?” deb so‘rab qoldi. Men karantin cheklovlari o‘rnatilganini aytdim. U afsuski kasallik uning xotini, qizini hayotdan olib ketganini, hozir tushkun ahvoldaligini aytdi. On-layn shaxmat platformasiga u yonib ketayotgan yurak-bag‘rining hovuri bosish ilinjida, bir hamdard topish umidida kirgan ekan. Karaxt bo‘lib qoldim. Unga xotini va farzandi bilan vidolashish imkoni ham berilmabdi. Shu tariqa koronovirus menga uzoq Avstraliyadan turib mudhish salomini yo‘lladi. Keyin esa yonginamdagi barvasta qo‘shnim olamdan o‘tdi. Onam kasalxonaga tushdi. Ko‘zimda yosh bilan kasalxona eshigida mo‘ltirab o‘tirganlarimni eslasam, yuragim orqaga torib ketadi. Onam tuzalgach, oilamiz bilan isitma tutib yotib qoldik.  Bu orada mahalladagi o‘ndan ortiq inson koronovirus sabab hayot bilan vidolashdi. Uzoq kutilgan vaksinalash amaliyoti joriy qilingach, birinchilardan bo‘lib emlandik. Hukumatimizning vaksinalash bo‘yicha ko‘rsatgan ulkan xizmatlari natijasida mahallamizga yana odatdagi turmush tarzi qaytdi. Lekin bundan chiqarilgan saboqlar esa butun umrga tatigulik!

 Abdurahmon MUSTAFOQULOV,

Jurnalist

Text to speech