Isteʼmolga yaroqsiz goʻsht mahsulotlari aniqlandi.
Sirdaryo viloyatining shahar va tumanlarida aholi orasida sanitariya epidemiologik hamda yuqumli kasalliklarni tarqalishini oldini olish borasida Sirdaryo viloyati IIB PPX va JTSB karantin tadbirlarini taʼminlash boʻlinmasi hamda viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Guliston dehqon bozorida reyd tadbirlari amalga oshirildi.
Tadbir davomida Guliston shahri Markaziy dehqon bozorida veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya qilinishi nazorat tartibida tekshirilib, fuqarolar tomonidan sotish uchun olib kelingan chorva hayvonlari goʻshti va goʻsht mahsulotlari belgilangan joyda veterinariya sanitariya koʻrigidan oʻtkazib savdo qilinayotganligi tekshirildi. Tekshiruvlarda fuqarolar V.Gʻ, Sh.U va N.V lar chorva mollarining ichki aʼzolarini veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya qilmasdan savdo qilganligi aniqlandi. Ushbu fuqarolarga tegishli boʻlgan goʻsht mahsulotlar hamkor tashkilotlar mutaxassislari ishtirokida tekshirilganda kelib chiqishi nomaʼlum, veterinariya-sanitariya talablariga javob bermaydigan 90 kg chorva hayvonlarining ichki aʼzolari saqlanayotganligi, ushbu goʻsht mahsulotlari insonlar isteʼmoli uchun yaroqli yoki yaroqsizligini aniqlash uchun Viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markaziga yuborildi.
Viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazidan olingan tekshiruv xulosalariga koʻra ushbu goʻsht mahsulotlari insonlar isteʼmoli uchun yaroqsiz ekanligi aniqlandi. Fuqarolar V.Gʻ, Sh.U va N.V lar chorva mollarining ichki aʼzolarini veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya qilmasdan savdo qilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 109-moddasiga asosan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Eslatib oʻtamiz olib borilayotgan reyd tadbirlaridan maqsad tadbirkorlarga jarima tuzish emas, aksincha viloyatimiz aholisi orasida sanitariya epidemiologik hamda yuqumli kasalliklarni tarqalishini oldini olishdir.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati.