26 Aprel 2025 yil 4741

IIV Sirdaryo viloyatidagi akademik litseyida ogohlikka chaqiruvchi tadbir boʻlib oʻtdi

Oliy taʼlim muassasalari uchun kirish imtihonlari oldidan tashkil qilingan uchrashuvda bitiruvchi oʻquvchilar, ularning ustozlari va ona-onalari qatnashdi.

Tadbirda Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining taʼlim muassasalari boʻyicha boʻlimi vakillari soʻz olib, oliygohlarda oʻqish istagida boʻlgan yoshlarga tavsiyalar berdi.

Imtihonlar pallasida oʻqishga kiritish bilan bogʻliq firibgarlik holatlari koʻpayishi, bunday qingʻir yoʻllardan yoshlar, ayniqsa ota-onalar ogoh boʻlishi, qonunga xilof har bir xatti-harakat javobgarlikka sabab boʻlishi aytildi. Tuzilma xodimlari tomonidan korrupsiyaviy omil va illatlarga qarshi murosasiz kurashib kelinayotgani, tezkor tadbirlar natijasida noqonuniy ishlarga chek qoʻyilayotgani taʼkidlandi.

Uchrashuvda oʻqituvchilar va ota-onalar ham soʻzga chiqib, bilim orqali maqsadga erishish eng toʻgʻri yoʻl ekanligini qayd qildilar. Shundan soʻng yigʻilganlarga korrupsiyadan ogohlikka chaqiruvchi targʻibot materiallari tarqatildi.

Aytish joizki, xuddi shunday tadbirlar poytaxtimiz va Toshkent viloyatidagi akademik litseylarda ham oʻtkazildi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati 

Text to speech