Bayrogʻimiz, gʻurur va faxrimiz timsolidir.
“Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonun 1991-yil 18-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi oliy kengashining navbatdan tashqari oʻtkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan. Bayrogʻimiz, gʻurur va faxrimiz timsolidir. Sirdaryo viloyati IIBga biriktirilgan Guliston tumanidagi Nurli maskan ixtisoslashtirilgan maktab-internati oʻquvchi yoshlari ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻi qabul qilinganligining 31 yilligi bayrami tadbiri koʻtarinki kayfiyatda nishonlandi. Tadbir avvalida davlat madhiyasi eshittirildi va shundan soʻng oʻquvchi yoshlar dastlab oʻzlari tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishi va sheʼrlarini mexmon-tomoshabinlarga ijro etib berishdi. Toki bayroq bor ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor. Oʻzbekiston farzandlari qayerda boʻlmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan bayrogʻini ardoqlaydi. Quyosh koʻkda falakning bayrogʻi boʻlib porlab turibdi, koʻngilda muhabbat bayrogʻi hilpiraydi, ongimizni esa tafakkur bayrogʻi nurlantiradi. Ozod va obod Vatanimiz — Oʻzbekistonning bayrogʻi ham bizni ulugʻ maqsadlar tomon boshlovchi buyuk mashʼaladir. Bayroq qabul qilinganligining 31 yilligi tadbiri yakunida Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi masʼul xodimi tadbir tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirib, esdalik sovgʻasini “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktoriga topshirdi. Shundan soʻng “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internati hovlisida oʻquvchi yoshlar uchun Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasiga tegishli boʻlgan maxsus vositalar bilan jihozlangan avtomashinalar koʻrgazmasi tashkil qilindi. Tizimli ravishda tashkillashtirilib kelinayotgan bu kabi tadbirlar yosh avlod qalbida Vatan bayrogʻini ardoqlash, uni ezgulik, tinchlik ramzi ekanligi, Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuygʻularini singdirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sirdaryo viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati.